O‘zbekiston | 14:41 / 01.11.2021
1707
3 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda 36 nafar xodimning 70 mln 763 ming 764 so‘m ustama pullari to‘lanmayapti

Foto: Qoraqalpog‘iston Adliya vazirligi

Qoraqalpog‘iston Adliya vazirligi Inson huquqlarini himoya qilish bo‘limi va Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston mintaqaviy vakili bilan davlat organlari va tashkilotlaridagi hujjatlar o‘rganilgan. Bu haqda Kun.uz’ga Qoraqalpog‘iston Adliya vazirligi xabar berdi.

Unda mahalliy hokimliklar, Qoraqalpog‘iston DSB, Qoraqalpog‘iston Maktabgacha ta'lim vazirligi, Qoraqalpog‘iston SSV va Qoraqalpog‘iston Turizm va sport bosh boshqarmasi hamda ularning ayrim tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan jami 36 nafar “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasi yuklangan xodimlarga 70 mln 763 ming 764 so‘m ustama pullari to‘lanmasdan turgani aniqlangan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Transport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi, Kadastr agentligi Qoraqalpog‘iston boshqarmasi, Kadastr palatasi Qoraqalpog‘iston boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Statistika boshqarmasi va Agrosanoat majmui ustidan nazorat inspeksiyasining Qoraqalpog‘iston boshqarmalari tomonidan tegishli xodimlarga “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasini yuklash va uning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida ustama belgilash Farmonda belgilangan muddatdan 5-8 oy o‘tib amalga oshirilgani ma'lum bo‘lgan.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Ekoqo‘mitasida Farmonda belgilangan talablar o‘rganish kunigacha ijrosi ta'minlanmagani, ya'ni tegishli xodimga “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasi yuklatilmagani aniqlangan.

Shuning bilan bir qatorda, Farmonda “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasini mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga yuklash nazarda tutilgan bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘iston Xalq ta'limi vazirligi tomonidan vazirlikning tegishli buyrug‘iga asosan “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasi O‘zbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyatining Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘limi trener-o‘qituvchisiga yuklatilgani qayd etilgan. Adliya vazirligi tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlariga 10 ta taqdimnoma kiritilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, amaldagi mehnat qonunchiligi talablarini buzgan lavozimli shaxslarni ma'muriy javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va uning tuman (shahar) markazlariga jami 31 ta ma'muriy taklif hamda tegishli sudlarga 65 mln 742 ming 452 so‘mlik 34 ta da'vo arizalari yuborilgan.

Oldinroq Ombudsman Qoraqalpog‘istonda fuqarolikni rasmiylashtirishda fuqarolardan 5 mln so‘m ortiqcha jarima undirilganini aniqlagandi. O‘shanda 4 ta tumanda 281 murojaatga javob xatlari yuborilmagan edi.

Mavzuga oid