Isroilning infratuzilma va suv zaxiralari vaziri, mushak distrofiyasidan aziyat chekkani sababli nogironlar aravachasida harakatlanuvchi Karin Elxarrar BMTning Glazgoda o‘tayotgan iqlim bo‘yicha sammiti COP26’ning birinchi kuni tadbir o‘tayotgan joyga kira olmadi. Vazirning ta'kidlashicha, bunga sammit o‘tkazilayotgan joy nogironlar aravachasida harakatlanuvchilar uchun tegishli sharoitlar bilan ta'minlanmagani sabab bo‘ldi.

Elxarrarning xodimlari Times of Israel nashriga vazir sammit o‘tkazilayotgan joy Scottish Event Campus majmuasi yaqinida 2 soatcha kutishiga to‘g‘ri kelgani, biroq unga kira olmagach, Glazgodan 80 km uzoqlikda joylashgan poytaxt Edinburgdagi mehmonxonaga qaytib ketishiga to‘g‘ri kelganini ma'lum qilishgan.

“Ular menga majmuaga kirishning yagona yo‘li — bir kilometrlik masofani bosib o‘tish yoki nogironlar aravachasi uchun joy bilan jihozlanmagan shattlga o‘tirish kerakligini aytishdi”, deb ma'lum qilgan vazirning o‘zi.

U BMT barchani nogironlar huquqlari bo‘yicha konvensiyaga qo‘shilishga chaqirishi, biroq tadbirda nogironlar uchun sharoitlar ta'minlanmagani uni hayron qoldirganini ta'kidlab o‘tgan.

Voqeadan keyin Isroil delegatsiyasi ushbu holat yuzasidan sammit tashkilotchilariga arz qilgan, Isroil bosh vaziri Naftali Bennet esa Elxarrar tadbir o‘tkazilayotgan joyga kira olmasa, hattoki sammit Isroil tomonidan boykot qilinishi mumkinligini aytgan. 

Biroq Elxarrar sammitning 2-kuni unda hech qanday muammolarsiz ishtirok eta olgan. U BBC’ga bergan intervyusida bu safar “hammasi mutlaq boshqacha bo‘lgani”ni aytgan va yuz bergan hodisadan saboq chiqarishga chaqirgan. Uning ta'kidlashicha, xalqaro anjumanlar tashkilotchilari imkoniyati cheklangan odamlar uchun sharoitlarni yaratishni unutmasliklari lozim.

O‘z navbatida, Britaniya atrof-muhit vaziri Jorj Yustis isroillik vazir bilan yuz bergan voqeadan afsus bildirgan va Britaniya hukumati undan uzr so‘raganini aytgan.

Shu bilan birga, Yustis BBC’ning “Radio 4” radiostansiyasida voqea Isroil delegatsiyasi aybi bilan yuz bergan bo‘lishi mumkinligini, chunki Elxarrar nogironlar aravachasida harakatlanuvchilar uchun jihozlanmagan oz sonli kirish joylaridan biriga kelganini ma'lum qilgan.  

“Bunday vaziyatda Isroil o‘z vaziri biror yordamga muhtojligini aytishi kifoya qilardi. Ushbu vaziyatda nimadir noto‘g‘ri ketgan va tashkilotchilar bexabar qolgan, shu sababli isroillik vazir kelgan kirish joyida zarur sharoitni muhayyo qilmagan”, deb qo‘shimcha qilgan vazir.