Santu iste'foga chiqarilgach, ko‘pchilik bir familiyani takrorlay boshladi: Konte. Chunki «shporlar» boshlig‘i Daniel Levi biror top murabbiy bilan kelishib qo‘ygan bo‘lmasa, portugaliyalik murabbiyni «otning kallasidek» katta tovon puli to‘lab bo‘shatmagan bo‘lardi. Shunday bo‘lib chiqdi ham – Antoni Konte «Tottenhem» bosh murabbiyi bo‘ldi. Xo‘sh, u qiyin holatdagi «Tottenhem»ni yangi bosqichga olib chiqa oladimi?
Kutilmagan tayinlov
To‘g‘risi, Kontening «Tottenhem»ga kelishi kutilmagan holat bo‘ldi. Axir oxirgi yillarda dunyo futbolidagi eng kuchli murabbiylardan biri bo‘lgan ushbu mutaxassisning kattaroq jamoaga borishi kutilgandi. Masalan, «MYu»ga. Ammo Sulsher Konte keladi degan gap-so‘zlar ko‘paygan bir vaqtda «hammaning ustidan kulib» xuddi Kontening taktikasi bilan keyinchalik uning bo‘lajak jamoasiga aylangan «Tottenhem»ni yanchib tashladi-da, «propiskasini cho‘zdirdi». Konte esa «MYu»ning taklifini shundog‘am juda uzoq kutib yubordi. Ortiq ishsiz o‘tirgisi kelmagan murabbiy «Tottenhem» taklifini qabul qildi. Darvoqe, «Tottenhem»ni yengib, Santu iste'foga chiqarilishini ta'minlagan Sulsher evaziga Konte boshqaruvidagi yaxshigina boshog‘riq raqib orttirib oldi.
Santu hech narsani eplay olmadi, hamma ketish payiga tushib qoldi
Nunu Eshpiritu Santu «Tottenhem»ga kelgach, jamoada kutilgan o‘zgarishlar bo‘lishini janob Levi taxmin qilgandir, lekin futbol ko‘rib yurgan odamlar Pochettino davrida boshlangan va hatto uning o‘zi davom ettirishga qiynalgan murakkab evolyutsiya Santu bilan muvaffaqiyatli kechishiga ishonmagandi. «Sauthempton»dan kelgan Pochettinoning oldiga uzoq muddatli vazifa qo‘yilgandi. U avvalgi ish joyida qilgani kabi yaxshi jamoa shakllantirishi, bor futbolchilardan maksimum natija chiqarishi lozim edi, Pochettino buni uddaladi ham.
Argentinalik murabbiy davrida klubda hammasi shunchalik to‘g‘ri qilina boshladiki, yangi kelgan futbolchilar ham jamoaga zo‘r kirishib ketib, qarabsizki «Tottenhem» YeChL finalida o‘ynaydigan, APLda esa chempionlik uchun kurashadigan jamoaga aylandi. Shimoliy londonliklarda binoyiday xarakter ham ko‘rinib qoldi. Qo‘shimchasiga tarkibda dunyoning eng zo‘r hujumchilaridan bo‘lgan Harri Keyn bor edi. Jamoa tuzish va uni yangi bosqichga olib chiqish kabi oldiga qo‘yilgan missiyaning birinchi qismini Pochettino juda yaxshi epladi. Ammo keyingi bosqich yanada qiyinroq edi – sovrin yutish, agar o‘xshamasa, futbolchilarga yana motivatsiya berish. Ammo «Tottenhem» futbolchilari sovrinsiz mavsumlardan zerika boshlashdi.
Oxir-oqibat Pochettinoning o‘zi ham sovrinsizlikdan qiynalib, jilovni bo‘shatib yubordi. Jamoada parokandalik boshlandi, murabbiy ketdi. Shunchalik yomon holatda ketdiki, o‘zi yoshligida to‘p surgan jamoasi «PSJ»ga borib, Fransiya chempionatini yuta olmadi. Bu taxminan «Paxtakor» bilan O‘zbekiston chempioni bo‘la olmaslik degani edi. Xullas, mana shunday murakkab holatdagi «Tottenhem»ga agent do‘sti bilan «Vulverhempton»ni shourumga aylantirgan murabbiy olib kelindi.















