Qarshining «Nasaf» jamoasi 5 noyabr kuni o‘zbek futbolining xalqaro maydonda so‘nggi yillardagi eng katta muvaffaqiyatini qayd etishi mumkin. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari shu kuni OFK kubogi finalida Bahraynda «Al-Muharraq» jamoasiga qarshi saf tortadi. E'tiborlisi, o‘zbek klublarining Osiyodagi eng muvaffaqiyatli yurishi hali-hamon aynan «Nasaf»ga tegishlidir. Vohaliklar roppa-rosa 10 yil avval – 2011 yilning kuzida OFK kubogi finalida Anatoliy Demyanenko murabbiyligida «Kuvayt SK» jamoasini mag‘lub (2:1) etib, xalqaro maydondagi ilk sovringa ega chiqishgandi. Tribuna.uz final oldi 10 yil avvalgi finalni eslab, o‘sha qahramonlar qanday taqdirlangani, «Nasaf»ni o‘z tarixida ilk marta chempionga aylantirganlar hozir nima bilan band ekaniga qiziqdi.

19ta avtomashina. Nuriddin Zayniyev va Alisher Sultonov chempionlik uchun qanday va'da bergandi?

2011 yil, 29 oktabr. Samarqanddan bir guruh jurnalistlar bilan Qarshiga yetib keldik. O‘yindan 3-4 soat avval «Markaziy» o‘yingoh atrofi faqat qashqadaryolik emas, qo‘shni viloyatlardan ham kelgan muxlislar bilan gavjum, chiptalar chayqovchilar qo‘liga chiqib, 2-3 baravar qimmatlashgan. OFK tomonidan OAV akkreditatsiyasidan o‘tkazilganimizga qaramay, tumonat muxlislar orasidan stadionga bir amallab kirdik. O‘yin boshlanishidan avval Qashqadaryo futboli asoschisi bo‘lmish viloyat hokimi (marhum) Nuriddin Zayniyev, «Sho‘rtanGazKimyo» kompleksi rahbari, «Nasaf» prezidenti Alisher Sultonov futbolchilar bilan uchrashgan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay O‘FF prezidenti (marhum) Mirabror Usmonov OFK prezidenti Jang Ji Long bilan stadionga kirib keldi va finaldan keyin ham aynan ular g‘oliblarni taqdirlashdi.

Ma'lum bo‘lishicha, finaldan oldin klub rahbariyati tomonidan «Nasaf» futbolchilariga katta mukofot va'da qilingan va OFK kubogi qo‘lga kiritilgach, va'daga vafo qilib, nomdor tarkibni boshqargan Demyanenko qo‘l ostidagi futbolchilarga 18ta «Spark» va murabbiyga bitta «Epica» avtomobili mukofot tariqasida sovg‘a qilingan. Xo‘sh, 10 yil avvalgi «Nasaf» a'zolari hozir qayerda?

Murod Zuhurov
2011 yil: Darvozabon
Hozirda: Darvozabonlar murabbiyi

2011 yil «Nasaf» darvozasini qo‘riqlagan Murod Zuhurov o‘sha mavsumda Mixail Naumov Dmitro Kozachenko va Eldor Suyunov bilan asosiy tarkibdagi o‘rin uchun kurash olib borgan va bosh murabbiy Anatoliy Demyanenko «Kuvayt SK»ga qarshi finalda aynan 27 yoshli darvozabonga ishonch bildirgandi. Murod ham ishonchni oqlay olgan.