O‘zbekiston | 14:19 / 10.11.2021
18272
5 daqiqa o‘qiladi

Hukumat hamon yosharmadi: eng yosh rahbarning bu boradagi fikrlari

Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullayev Kun.uz yoshlar kanalida bo‘lib o‘tgan jonli suhbatda hukumatning nega hamon yosharmayotgani borasida fikrlarini bildirdi. U siyosatga endi kirib kelgan paytlarini esladi.

Foto: Kun.uz

7 noyabr kuni Kun.uz yoshlar kanalida Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullayev bilan jonli chat tashkil etildi. Kun.uz jurnalisti hukumatga nega hamon yoshlar kelishi qiyin bo‘layotgani borasida savol berdi.

— Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2 yilda hamma joyga yosh, vatanni sevgan kadrlar keladi degan fikrlarini eslaymiz. Mana shu siyosat doirasida hukumatga kelgan yosh rahbarlardansiz. Lekin hamon hukumatdagi sezilarli o‘zgarishlarda yoshlarning o‘rni sezilmayapti degan fikrlarni eshitamiz. Buning sababi yoshlar hali ishonchni oqlamaganimi, tayyor bo‘lmaganimi yoki iroda bilan bog‘liq masalami?

— Hukumatda ham, Oliy Majlis Senati, Qonunchilik palatasi, Oliy sud va norasmiy to‘rtinchi hokimiyat — OAVda ham yoshlar ko‘p bo‘lishi va uning muvozanati saqlanishini xohlayman. Davlat organlarida yoshlarning o‘rnini oshirish , ularni ko‘proq qo‘llab-quvvatlashga harakat qilaman.

Yoshlarni siyosatga to‘g‘ri tayyorlab, ularning kirib kelish mexanizmi oxirgi yillarda yoshlar siyosati yo‘lga qo‘yilganidan keyin paydo bo‘lyapti. Nimaga desangiz, yoshlar siyosati mening tasavvurim bo‘yicha davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda chambarchas bog‘liq. Birinchi marta shu agentlik bilan birga ochiq platformani ishga tushirdik: boshqarma boshliqlari, vazirliklarga ishga kiruvchilar ham mana shu tizim orqali ro‘yxatdan o‘tadi.

Ko‘rasiz, vaqti kelib boshqarma boshliqlari mana shu ochiq tanlovdan o‘tgandan keyin vazir o‘rinbosari, vazir darajasiga yetishadi. Birdaniga, vazir tayyorlash qiyin bo‘lsa kerak. Lekin vazir o‘rinbosarini har safar qanaqadir noyob topilma sifatida topish qiyin bo‘ladi. Uni pastdan tizimli yetishtirib chiqarilmasa, ya'ni prezident yangi yo‘lga qo‘yayotgan tizimi mening tasavvurim bo‘yicha mana shuning asosiy isboti bo‘lsa kerak.

Prezidentimiz ko‘p vazirlar endi tumanni ko‘rgan, tumanning og‘ir-yengilini bilgan odamlar bo‘lishi kerak, ya'ni kabinetda o‘tirib pastdagi muammolarni bilmasa, uni biz katta rahbar lavozimiga olib kelishga urg‘u bermaymiz, deyaptilar. Sababi — pastni ko‘rgan, muammolarni ko‘rgan, fuqarolar bilan ishlagan, fuqarolarni boshqarishni bilgan odamda poydevor bo‘ladi. Men ham birinchi ishga kelganimda fundamental faqatgina bitta bilimim bo‘lgan: jamoani boshqarish. Chunki biznesda ham jamoani boshqarganman, vazirlikda ham jamoa bilan ishlaganman.

Yoshlarga signal: Senatda ham, ijro organida ham yoshlarning ko‘zga ko‘rinishini, jamiyatdagi boshqa yoshlarda ham qiziqish uyg‘otyapti. Bitta narsa bor, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga imkon berish yaxshi, imkoniyatni to‘liq yaratish kerak. Ularga ishlash tartibi, ishlash tizimi, oyligi, ijtimoiy ta'minotini normallashtirish, umuman, yoshlar rivojlanishi uchun «kareraviy o‘sish»ni yaratib berishimiz kerak, agar bu bo‘lmasa, yoshlar ketib qoladi. Siz TOP universitetlar zo‘r bitiruvchini olib kelib, bitta kompyuter bilan bitta printerni berib, mana shu hujjatni yozsang, shu ishing desangiz, uning motivatsiyasi o‘ladi. Uning uchun qaysidir sohani isloh qilish, ta'limda, iqtisodda, umuman tizimda nimadir o‘zgarish qilish — motivatsiya. Shuning uchun mana shu yondashuvni yo‘lga qo‘ysak, yoshlar kelishi, qiziqishi ortadi.

Oxirgi vaqtlardagi kuzatuvim juda ko‘plab yoshlar davlat ishiga kirib keldi. Yosh nuqtayi nazaridan 35–40 yosh oralig‘idagi rahbarlar ko‘p. Lekin 30 dan pastlari kam deyishingiz mumkin, men buni normal deb hisoblayman. Kichkinagina tajribamdan kelib chiqib, 30–40 oralig‘ida vazir lavozimiga qo‘yishni takomillashtirish kerakligini aytaman.

Mavzuga oid

E`lonlar