«Jumladan, O‘zbekiston kubogi nimchorakfinal doirasidagi «So‘g‘diyona» – «Nasaf» uchrashuvida «So‘g‘diyona» jamoasining bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev o‘yin davomida bir necha bor hakamlar jamoasi qaroridan o‘z noroziligini qo‘pol tarzda bildirgan. Uchrashuv yakunidan so‘ng esa «Nasaf» jamoasining 92-raqamli futbolchisi Umar Eshmurodov bilan o‘zaro tortishib qolib ommaviy janjal kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Bu esa uchrashuv yakunidan so‘ng muxlislar tomonidan uchrashuv rasmiylari va futbolchilariga har xil buyumlar uloqtirilishiga sabab bo‘lgan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, «So‘g‘diyona» jamoasi vakillari Ulug‘bek Baqoyev hamda Bahodir Nasimov, shuningdek, «Nasaf» klubi futbolchisi Umar Eshmurodovlar 2ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindilar va ularga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

Foto: So‘g‘diyona FK

O‘zbekiston kubogi chorakfinal bosqichida «So‘g‘diyona» — «Nasaf» futbol klublari o‘rtasidagi uchrashuv vaqtida «So‘g‘diyona» futbol klubi muxlislarini muxlislik madaniyatidan chetga chiqib, stadionga turli buyumlarni uloqtirgani, stadion va unga yondosh hududlarda tartibsizliklar keltirib chiqargani, jamoa rasmiy shaxslari tomonidan stadionda tartibsizliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etilgani uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Intizom kodeksining 5.4-bandlariga muvofiq «So‘g‘diyona» futbol klubiga nisbatan Superliganing 25-tur doirasidagi «So‘g‘diyona» — «Nasaf» uchrashuvini tomoshabinlarsiz o‘tkazish intizom chorasi qo‘llanildi», - deyilgan O‘FA xabarida.

Tashkilot bayonotida shu kuni Eshmurodovning Nasimovga nisbatan qo‘polligi – bosh bilan urib yiqitgan vaziyat uchun «Nasaf» futbolchisiga qizil kartochka ko‘rsatmagan hakam Ilgiz Tantashevga nisbatan jazo choralari haqida ma'lum qilinmagan.

Qayd etilishicha, «Nasaf» ustozi Ro‘ziqul Berdiyev Andijondagi o‘yinda kuzatilgan voqealar uchun jazo va jarimaga tortilgan. 

«O‘zbekiston Superligasining 23-turi doirasidagi «Andijon» — «Nasaf» uchrashuvida mehmonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev o‘yinning 70-daqiqasida hakamlar jamoasidan o‘z noroziligini bildirib, jamoani maydondan olib chiqib ketmoqchi bo‘lgani, lekin bir necha daqiqalik muzokaralardan so‘ng u bilan uchrashuvni davom ettirishga kelishilgani, natijada Intizom kodeksining bir necha bandlarini buzilgani aniqlandi. Bundan tashqari, Ro‘ziqul Berdiyev uchrashuvning 90+3 daqiqasida muxlislarga nisbatan nojo‘ya so‘zlar ishlatgani, ushbu holat ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilik e'tiroziga sabab bo‘lgani uchun Ro‘ziqul Berdiyev 2ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi va unga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.