Tadbirda mamlakat hukumati tomonidan yoshlar bandligini ta'minlash va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.
Jahon banki O‘zbekistonda yoshlarning o‘rta va oliy ta'limdan ishga o‘tishda duch kelayotgan qiyinchiliklari, shuningdek, ularni bartaraf etish bo‘yicha hukumatning amaldagi chora-tadbirlari tahliliga bag‘ishlangan yangi hisobotini e'lon qildi. Shuningdek, tadqiqotda yoshlarning bandlik imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida mehnat bozorini isloh qilish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Jahon banki tadqiqotida ta'kidlanishicha, O‘zbekistonda 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 15 million, 29 yoshgacha bo‘lgan yoshlar esa 18 million nafarni tashkil qiladi. Bu shaxslar guruhi mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi uchun ham imkoniyat, ham muammodir. Ular mehnatga layoqatli aholining boshqa guruhlariga qaraganda ishga joylashishda jiddiyroq to‘siqlarga duch kelishadi, shuningdek, yuqori darajadagi iqtisodiy faolsizlik va mehnat bozoridan norozilikni namoyon etadilar. 16-24 yoshli yoshlarning 24 foizini, 16-29 yoshlilarning 26,4 foizini hech qayerda o‘qimayotgan va ishlamayotgan yoshlar tashkil etadi.
Yosh respondentlar mamlakatning qishloq joylarida ish o‘rinlarining yetishmasligi va ishchi kuchiga talabning pastligini bandlik sohasidagi asosiy muammolar sifatida ko‘rsatishgan. Aksariyat yoshlar rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan va mehnat daftarchasini ochmasdan ishga qabul qilinadi. Yoshlar ish haqi kutilgan darajasiga nisbatan pastligidan shikoyat qiladilar.
Ijtimoiy stereotiplar va madaniy me'yorlar yosh ayollarning iqtisodiy faoliyatda ishtirok etishiga, ularning bandlik imkoniyatlariga ega bo‘lishiga va mehnat uchun haq to‘lashda gender tafovut yuzaga kelishiga chuqur ta'sir ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, yoshlar ham, ish beruvchilar ham ko‘nikmalarning talab qilingan professional tayyorgarlik darajasiga sezilarli darajada mos kelmasligi va ko‘nikmalardagi bo‘shliqlar borligini aytib, ularning ishga qabul qilish va ishdan qoniqishga ta'sir qilishini ta'kidlashgan. Kamdan-kam korxonalar malakalardagi bo‘shliqlarni to‘ldirish maqsadida o‘zlarining yosh xodimlari uchun o‘qish imkoniyatlarini yaratadilar. Oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilariga talab yuqori, biroq oliy ta'lim olish imkoniyati cheklanganligicha qolmoqda. Shuningdek, yosh respondentlar talabalar va ish izlovchilar o‘zlarining kasbiy tanlovlarini amalga oshirishlari uchun mehnat bozori haqidagi ma'lumotlar har doim ham mavjud emasligini ta'kidlashgan.
“Yoshlarni iqtisodiyotdagi ishtiroki darajasini oshirish dunyoning ko‘plab mamlakatlari uchun ustuvor vazifa hisoblanadi. Mehnat bozoriga birinchi marotaba kirib kelayotgan 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar uzoq muddatli mehnat ko‘nikmalarini shakllantiradilar, birinchi doimiy mehnat faoliyatiga joylashadilar. Bu yosh toifasida O‘zbekistonda bandlik darajasi 30,9 foizni tashkil etadi. Ayni paytda bu ko‘rsatkich Rossiya Federatsiyasida 27 foiz, Yevrozonada esa 32 foiz darajasiga to‘g‘ri keladi. Ishlab chiqilgan bandlik milliy strategiyasi doirasida biz 2030 yilga borib yoshlarning kasb-hunarga o‘qitish bilan qamrab olinishini har yili 200 ming kishiga yetkazishni rejalashtirmoqdamiz, yaratilayotgan ish o‘rinlari esa 300 mingdan ortiq yoshlarni ish bilan ta'minlashga xizmat qiladi”, — dedi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov.















