Angliya rekordlarni yangilamoqda

I guruhi
Angliya — Albaniya — 5:0 (Maguayr, 9. Keyn, 18, 33, 45+1. Henderson, 28).
Andorra — Polsha — 1:4 (Servos, 45 — Levandovski, 5, 73. Yujvyak, 11. Milik, 45+2).
Vengriya — San-Marino — 4:0 (Sobosloi, 6, 83. Gozdog, 22. Vechei, 88).

Angliyaliklar uchun o‘tgan turdagi yo‘qotish yetarli edi, ular o‘z uyida bu safargi saralashni juda yomon o‘tkazgan Vengriya bilan kutilmaganda durang o‘ynab qo‘ygandi va Qatar yo‘llanmasini hal qilishni kechiktirgandi, ammo navbatdagi o‘yinda «Uch sherlar» bu vazifani xotirjamlik bilan uddalashdi. Ikkinchi o‘rindan umid uzmagan Albaniya ham qarshilik ko‘rsatishga harakat qildi, Maguayrning tezkor golidan keyin Pikford yakkama-yakka holatga chiqib kelgan Uzunini to‘xtatishiga to‘g‘ri keldi. Ammo albanlar bu imkoniyatini yo‘qqa chiqargach, Keyn Henderson bilan hamkorlikda o‘n daqiqa ichida hisobni yirik ko‘rinishga keltirishdi (bittadan gol va pas almashib).

Birinchi bo‘lim o‘rtalaridan boshlab maydondagi voqealar ko‘proq statistiklar uchun qiziq bo‘la boshladi, inglizlar o‘tgan asr boshidagi rekordlarni yangilashdi yoki takrorlashdi. Birinchidan, terma jamoa 1908 yildan buyon urilgan gollar bo‘yicha eng samarali yilni qayd etdi. O‘sha yili britanlar 39 gol urishgandi, hozir esa — 42ta bo‘lib ulgurdi. Ikkinchidan, Keyn 110 yil o‘tib terma jamoa uchun qatorasiga ikki yil kamida 10 gol urgan ikkinchi futbolchi bo‘ldi, bungacha bunday natija faqat ikki karra olimpiya chempioni Viven Vudvord tomonidan qayd etilgandi. Birinchi bo‘lim oxirida u qaychi uslubidagi zarbasi bilan «Uembli»ni hayratga solib, natural het-trikni rasmiylashtirdi (bir bo‘lim ichida ham ikki oyog‘i va boshi bilan gollar urdi).
 
Angliyaliklarning bayrami baribir yoqimsiz holatsiz kechmadi. Lyachi to‘pni uzoqlashtirish vaqtida Ris Jyeymsning boshiga tepib yubordi, shundan keyin «Chelsi»da ajoyib mavsum o‘tkazayotgan himoyachi terma jamoadagi jamoadoshi Stouns bilan ham to‘qnashib ketdi. Translatsiya rejissyorlari tomoshabinlar futbolchiga qanday tibbiy yordam ko‘rsatayotganiga guvoh bo‘lmasligi uchun kamerani o‘chirib turishdi.

Maydonga ikki zambil olib chiqilganida, vaziyat chindan ham jiddiyligi ma'lum bo‘ldi, ammo Jyeyms temir odam bo‘lib chiqdi. U nafaqat o‘ziga keldi, o‘yinni davom ettirishga qaror ham qildi. Uni faqat o‘yin oxirida almashtirishdi, Smit Rou milliy jamoada debyut qildi. «Arsenal»dan bo‘lgan ushbu talant Garet Sautgeyt davrida asosiy jamoada o‘ynagan 48-futbolchi bo‘ldi.