Bu hodisalar mamlakatning yangi tarixida qamoqxonalardagi zo‘ravonliklar bilan bog‘liq eng og‘ir holatlar bo‘lmoqda. Yangi tartibsizliklar juma kuni boshlangan va hozirda hukumat yana bir bor bu to‘qnashuvlarga narkotik savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruhlar o‘rtasida qamoqxonadagi ustunlik bo‘yicha raqobat sabab bo‘lganini aytmoqda.
Xabar qilinishicha, janubdagi Guayakil shahridagi qamoqxona hududiga kirgan politsiya bo‘linmalari o‘qotar qurollar, portlovchi moddalar va kesuvchi buyumlarga duch kelgan. Boshqa bir xabarlarga ko‘ra tartibsizliklarni butunlay to‘xtatishga erishilmagan.
Shanba kuni Litoral qamoqxonasi binosi atrofida mahbuslarning qarindoshlari bo‘lgan o‘nlab kishilar to‘plangan, ular juma kunidan buyon o‘z yaqinlari haqida hech qanday ma'lumot ololmagan.
«Ichkarida ro‘y berayotgan voqealar qattiq qoralanishi kerak. Odamlar bir-birini o‘ldirishmoqda, eng yomoni ularda hech qanday vijdon yo‘q. Mening ukam tirik, buni yuragimdan his qilib turibman», deya 58 yoshli Kristina Monserratning so‘zlarini keltiradi Reuters agentligi.
«Men hech narsa bilmayman. Men u tirikligi yoki halok bo‘lganidan bexabarman», deydi o‘z familiyasini istamagan Estefaniya. Uning turmush o‘rtog‘i o‘g‘rilikda ayblanib qamalgan.

Qamoqxona inqirozi
Ekvadordagi qamoqxonalar mahbuslar bilan sig‘imidan ortiq to‘lgan. Mahbuslar saqlash sharoitlaridan shikoyat bildirib kelishadi.
Sentabr oyida mamlakat prezidenti Gilermo Lasso mahbuslarni saqlash muassasalarida 60 kunlik favqulodda holat e'lon qilgandi, bu birinchidan, davlat tomonidan qo‘shimcha moliyalashtirishni ko‘zda tutardi, ikkinchidan, harbiylar qamoqxona ustidan nazorat qilishiga imkon berardi.
Shanba kuni prezident Lasso mamlakat konstitutsion sudini harbiylar qamoqxona ichiga kirishiga ruxsat berishiga chaqirdi - hozirgacha ular faqat tashqaridan turib xavfsizlikni ta'minlashi mumkin. Sud bunga javoban vaqtinchalik favqulodda holat rejimini joriy etish bilan qamoqxona inqirozini hal qilib bo‘lmasligini bildirgan.
Hukuma shanba kuni kechga kelib vaziyat nazoratga olinganini, hozirda BMT vakillari va huquq himoyachilari bilan vaziyatni izga solish masalasi muhokama etilayotganini ma'lum qilgan.
















