Ayni vaqtda Bryusselda bo‘lib turgan Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiya «O‘zbekiston Respublikasi – Yevropa Ittifoqi» Hamkorlik kengashining navbatdagi majlisi doirasida Yevroittifoqning bir qancha yuqori martabali mulozimlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Dastlab, 15 noyabr kuni Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yutta Urpilaynen bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Shu kuni O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev YeIning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Niklasson bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va YeIning afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish, shuningdek, mamlakatga tez fursatda insonparvarlik va boshqa yordam ko‘rsatish borasidagi sa'y-harakatlari muhokama qilindi.

Uchrashuvdan so‘ng Ismatulla Ergashev NATOning Bryusseldagi bosh qarorgohida Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlangan brifingda qatnashib, Afg‘oniston O‘zbekiston uchun qo‘shni birodar mamlakat ekanligini, ikki davlatni ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari, mushtarak tarix, din, urf-odat va an'analar bog‘lab turishini alohida ta'kidladi.

Ergashev O‘zbekiston Afg‘onistonga nisbatan o‘zaro hurmat, teng huquqlilik va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan do‘stona siyosat olib borayotganini qayd etdi.

16 noyabr kuni tashrifning asosiy tadbiri - «O‘zbekiston Respublikasi – Yevropa Ittifoqi» Hamkorlik kengashining 16-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya va YeI delegatsiyasiga kengashning hamraisi sifatida qatnashgan Portugaliya tashqi ishlar vaziri Augusto Santush Silva ishtirokidagi tadbirda O‘zbekiston-Yevropa munosabatlarining bugungi holati, qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, shuningdek, bo‘lajak uchrashuvlar jadvali yuzasidan fikr almashildi. Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni tezroq yakunlash muhimligi qayd etildi.