«Barselona» sobiq futbolchisi va klub tarixidagi eng kuchli yarimhimoyachilardan biri Xavini bosh murabbiy etib tayinladi. U kataloniyaliklar tarkibida 767ta uchrashuv o‘tkazib, 25ta sovrin yutishga muvaffaq bo‘lgandi. Ulardan 4tasi Chempionlar Ligasi, 8tasi La Liga chempionlik titullari ekanligi esa alohida ahamiyatga ega. Bundan tashqari, 2 karra Yevropa va Ispaniya tarixidagi yagona jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. Eng muhim jihat shundaki, u «La Masiya» tarbiyalanuvchisi. Demakki, uning rejalari aynan mana shu akademiya futbolchilari asosiga qurilishi kerak. Xo‘sh, hozircha ispaniyalik mutaxassis ixtiyorida qanday ishonchli va umidli yosh iste'dodlar mavjud? Birgalikda ko‘rib chiqamiz.

Ansu Fati (19 yosh)

«Barselona» vunderkindlari haqidagi gapni boshqa kim bilan boshlash mumkin?! 19 yoshli Ansu allaqachon klubning yetakchilaridan biriga aylanib bo‘lgan. Unda hujumlarni tashkil etish, jamoadoshlari dinamikasini his etish va golni sezish qobiliyatlari jam bo‘lgan. Yana bir fakt – Fati «Barselona» tarixida gol urgan eng yosh futbolchi. La Ligada gol urgan eng yosh futbolchilar orasida 3-o‘rinda qayd etilgan. Ansu Chempionlar Ligasida gol urgan eng yosh va 18 yoshgacha bittadan ko‘p gol urgan yagona futbolchi sanaladi. Rekordlari ro‘yxatini Fatining Ispaniya milliy jamoasi tarkibida gol urgan eng yosh futbolchi ekanligini eslatish bilan tugatishimiz mumkin.

Endi 19 yoshga qadam qo‘ygan Fati shu vaqtga qadar qator o‘yinlarni jarohat sababli o‘tkazib yuborishga ham ulgurdi. Debyut mavsumida 18ta bellashuvni boshlang‘ich tarkibda boshlagan hujumchi 9ta gol urishga erishgandi. Biroq jarohat uni yana ko‘plab gollar urish imkoniyatidan mahrum etdi.

«Barsa»dagilar unga to‘liq ishonishadi. Shu sababdan, Messi ketganidan so‘ng bo‘sh qolgan 10-raqam aynan Fatiga topshirildi. Bu esa unga qo‘shimcha mas'uliyat yuklaydi. Ha, u jarohatdan qaytishi bilanoq bir nechta ajoyib gollar bilan muxlislarga umid bera oldi. Ammo bir necha hafta avval navbatdagi jarohatdan so‘ng yana maydondan chetda qolmoqda.

Foto: Fc Barcelona

Pedri (18 yosh)

2020/2021 yilgi mavsum Fatiga atalmagani rost, lekin bu vaqtda «ko‘k-anorranglilar» yangi iqtidor egasini tom ma'noda kashf etishdi. Atigi 5 million yevro evaziga «Las Palmas»dan klub o‘rinbosarlari tarkibiga olib kelingan yarimhimoyachi tez orada asosiy jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylanib oldi. U La Ligada uzoq yillik tajribaga ega katta futbolchilarga qarshi tengma-teng o‘yin ko‘rsata oldi.