08:41 / 19.11.2021
5828

Kimlar genom bo‘yicha majburiy ro‘yxatga olinishi ma'lum bo‘ldi

Hukumat qarori bilan genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Nizomga muvofiq, genom bo‘yicha davlat ro‘yxati IIVning Ekspert-kriminalistika bosh markazi tomonidan yuritiladi.

Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish – biologik materialdan foydalanish, odamning shaxsini, tanib olinmagan murdani aniqlash uchun genomga oid axborotga ishlov berish bilan bog‘liq faoliyat.

Quyidagilar genom bo‘yicha majburiy ro‘yxatga olinadi:

  • og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyat, 16 yoshga to‘lmaganlar bilan jinsiy aloqa qilish va ularga uyatsiz harakatlar qilish bilan bog‘liq jinoyat sodir qilganlar;
  • og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida jalb qilinganlar;
  • tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida biologik material olingani aniqlanmagan shaxslar;
  • tanib olinmagan murdalar.

Jazoni ijro etish muassasalari va probatsiya xizmati genom bo‘yicha majburiy ro‘yxatga olinadigan shaxslar ro‘yxatini shakllantiradi. Genom bo‘yicha ixtiyoriy ravishda davlat ro‘yxatiga olish fuqarolarning yozma arizasiga ko‘ra pullik amalga oshiriladi.

Mazkur tartib 2023 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.

Top