Nihoyat, milliy jamoalarning yil hisobidagi so‘nggi yig‘inlari yakuniga yetdi va mart oyining oxirigacha biz faqat klublar futbolidan bahra olamiz. Futbol haftasi syurpriz bilan boshlandi – «Bavariya» autsayder «Ausburg»ga imkoniyatni boy berdi. Bugun, 20 noyabrdan esa kuchli beshlik karvoni davom etadi – Kataloniyada derbi, Italiyada chempionlik taqdirini hal qilishi mumkin bo‘lgan bahs, Angliyada klassik to‘qnashuv. Jyerrard, Xavi kabi afsonalar futbolchi sifatida porlagan ligalarda murabbiylik debyutini amalga oshiradilar. Shomurodov esa Shevchenko qo‘l ostiga o‘tgan sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushishi kutilmoqda.  

APL. 12-tur

20 noyabr (shanba)

LeSTeR – CheLSI

O‘yin boshlanish vaqti: 17:30

TV-translatsiya: FutbolTV

«Chelsi» o‘tgan turda kutilmaganda durang o‘ynadi va ta'qibchilardan o‘zib ketish imkoniyatini qo‘ldan boy berdi. Londonliklar mas'uliyatli haftaga kirib kelishmoqda – yetti kunda jamoa «Lester» va «Manchester Yunayted» bilan APLda hamda «Yuventus» bilan Chempionlar Ligasida maydonga tushadilar. Bu o‘yinlarda ochko yo‘qotmaslik Tuxel shogirdlari uchun juda muhim.  

Foto: EPA

Dastlabki imtihon «Lester» maydonida bo‘lib o‘tadi va aytish mumkinki, Tuxel kelganidan buyon «Chelsi»ni aynan «tulkilar» qiyin ahvolga solgandilar. Hatto Angliya kubogi finalida «Lester» 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, Tuxelni ilk sovrindan mahrum qilgandi. Yanvarda bo‘lib o‘tgan APL o‘yinida esa «Lester» 2:0 hisobida o‘z maydonida ustun kelgandi.  

Tarkib borasida har ikki jamoada ham yetarlicha muammolar bor. «Chelsi»da Lukaku hali ham maydon tashqarisida, lekin jamoa usiz o‘ynashni o‘rganib oldi, ammo Kovachichning yo‘qligi ayniqsa, kuchli raqibga qarshi bilinishi mumkin. Shuningdek, Timo Vernerning maydonga tushishi ham so‘roq ostida turibdi. Mezbonlarda esa vaziyat yanada og‘irroq. Himoya yetakchisi Foffana va ayniqsa, Yuri Telemansning jarohati «Lester»ning navbatdagi o‘yinlarida muammo tug‘dirishi shubhasiz. Lekin yaxshi xabarlardan biri, Jyeyms Jastin tiklanib, mashg‘ulotlarga kirishdi. Ammo ushbu o‘yinda qay darajada tayyor bo‘lishi hali ma'lum emas.