Kimdir Hassan-al Bolkia degan milliarder-hukmdorni eslaydimi? Bruney nomli neftga to‘la mitti davlatning bu sultoni tarix uchun bir lahza bo‘lgan 20 yilgina oldin milliarderlar ro‘yxatida yetakchilardan biri, hashamatli hayot bo‘yicha shubhasiz 1-o‘rinda edi.
O‘sha paytlardagi reytinglarda qazilmalardan ulkan boylik orttirgan rossiyalik oligarx-milliarderlar ham talaygina edi.
“Forbs” reytinglari nafaqat bevosita milliarderlarni, balki bilvosita pul, boylikning bevafoligini ham ko‘rsatib beradi. Yana bir qiziqarli fakt bor – milliarderlik ramzi bo‘lgan Uorren Baffet 90 yilda topgan boyligini Ilon Mask 9 oyda topgan!
Keling, uzoq tarixga emas, 10 yil orqaga qaytamiz va kuchli o‘nlik yetakchilarining boyligi hamda yo‘nalishi bilan qiziqamiz:
1. Karlos Slim Elu (Grupo Carso, telekommunikatsiya) – 74,0 mlrd dollar
2. Bill Geyts (Microsoft) – 56,0 mlrd
3. Uorren Baffet (Berkshire Hathaway) – 50,0 mlrd
4. Bernar Arno (LVMH) – 41,0 mlrd
5. Larri Ellison (Oracle) – 39,5 mlrd
6. Lakshmi Mittal (metallurgiya) – 31,1 mlrd
7. Amansio Ortega (to‘qimachilik) – 31,0 mlrd
8. Eyke Batista (tog‘-kon) – 30,0 mlrd
9. Mukesh Ambani (meros kapitali) – 27,0 mlrd
10. Kristina Uolton (Walmart do‘konlari) – 26,5 mlrd

Mana shu yillarda o‘ziga xos tarixiy holat kuzatilgan – bu reytingning ko‘p yillik va amalda yengilmas yetakchisi hisoblangan Bill Geyts ikkinchi o‘ringa tushadi hamda uning o‘rnini investor Karlos Slim egallaydi. Hali dunyo Mark Tsukerberg, Jyef Bezos, Sergey Brin yoki Larri Peyjni bu ro‘yxat yetakchisi sifatida bilmasdi. Ilon Mask degan inson haqida ko‘pchilikda tasavvur ham yo‘q edi.
Ma'lumot uchun: Ayni paytda yetakchilikni boy berib, “kambag‘alligi”dan kuchli uchlikda ham jon saqlab qololmagan Bill Geyts rekord muddat – 18 yil (1996-2007, 2009-2016 yillar) milliarderlar ro‘yxatini boshqargan. Shunday davrlar bo‘lganki, “amalda Bill Geytsdan o‘zish mumkin emas va dastlabki trillion dollar ham unda bo‘ladi”, degan fikrlar shakllangan.

















