Ijtimoiy tarmoqlarda 16 yildan beri MTRKga raislik qilib kelayotgan Alisher Xo‘jayev o‘rnini uning o‘rinbosari Madamin Safarov egallagani haqida xabarlar tarqaldi.

Xabarda bunga asos qilib UNESCO tomonidan MTRKga yuborilgan xatda milliy teleradiokompaniya raisi sifatida Madamin Safarov ismi ko‘rsatilgani keltiriladi.

Kun.uz muxbiri Milliy teleradiokompaniya raisi o‘rinbosari Madamin Safarov bilan bog‘landi va tarqalayotgan xabarlarga aniqlik kiritishni so‘radi.

Madamin Safarovga ko‘ra, mish-mishlar fitnadan boshqa narsa emas. U MTRKda rais almashishi masalasi kun tartibidagi masala emasligini ham qo‘shimcha qildi.

Madamin Safarov Foto: MTRK

«Yolg‘on hammasi. Qip-qizil fitna, yolg‘on. E'tibor bermang, o‘zi fitnaligi ko‘rinib turibdi-ku. Bunday masala ko‘rilayotgani ham yo‘q. UNESCO endi shunday xat yozib yuborgan-da. Bizda bunday xatlarni o‘nlab topish mumkin. MTRKga gohida rais sifatida umuman boshqa odamlar nomiga ham xatlar yuboriladi», — dedi u.

Ma'lumot uchun, Alisher Xo‘jayev 2005 yil aprelidan 2017 yil boshiga qadar O‘zMTRK rahbari bo‘lgan, 2017 yil boshida ishdan ketgan va uning o‘rniga Xurshid Mirzohidov tayinlangandi. Mirzohidov bu lavozimda yarim yil, 2017 yil avgustiga qadar faoliyat yuritdi. So‘ng Bobur Alixonov bir oyga yaqin vaqt davomida televideniyega rahbarlik qildi, biroq 2017 yil avgust oyi oxirida u lavozimdan olindi. O‘sha yil avgustning so‘nggi kunlari Alisher Xo‘jayev MTRK raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.