Afsonaning qaytishi

Xavining «Barselona» bosh murabbiyligidagi ilk haftasi axboriy bombalar bilan kechdi va hafta yakunida Dani Alvesning «Kamp Nou»ga qaytishi e'lon qilindi. Maoshi to‘lanmagani uchun «San-Paulu» bilan shartnomasini bekor qilgan faxriy futbolchi o‘z xizmatini kataloniyaliklarga taklif etayotgani haqida anchadan beri xabarlar tarqayotgandi, ammo bu taklif qo‘llab-quvvatlangani baribir ko‘pchilikni hayron qoldirdi. «Barselona»da avlodlar almashinuvi kechayotgan davrda 38 yoshli himoyachi tarkibga qaytarilishi tushunarsiz hol edi.

Qolaversa, vatanida afsonaviy himoyachining tanqidchilari yetarlicha edi, qator ekspertlar ham uning o‘ng qanot himoyachisidan tayanch yarimhimoyachisiga aylanishi xato bo‘lganini ta'kidlashardi. Xatoliklar bo‘lgani shubhasiz, ammo ushbu braziliyalik — unikal futbolchi. Agar jarohatlar bo‘lmaganida, u yozda Amerika Kubogida qatnashgan bo‘lardi, ammo u Tokio Olimpiadasida qatnashib, 43-bor sovrin yutdi va futbol tarixidagi eng sovrindor futbolchi sifatidagi maqomini mustahkamladi.

Ronald Kumanga u kerak emasdi, ammo kontaktlar uzilmadi va kataloniyaliklar prezidenti Joan Laporta Alves uchun klub tuzilmasida joy axtara boshladi. Braziliyalik esa boshqa narsani orzu qilishda davom etar va Instagram sahifasida shunday yozdi: «Men bu ro‘y berishi uchun besh yil davomida aqldan ozgandek harakat qildim. Qaytish shunchalar qiyin bo‘ladi va ko‘p vaqt oladi deb o‘ylamagandim. Ammo mening yuragim bu kun kelishini his qiladi. Men hech qachon qalbimdan ketmagan joyga qaytaman».

Alves faqat yanvar oyida maydonga tushishi mumkin. Ammo bu g‘olib futbolchi jamoada doimiy yaxshi muhit yaratish uchun ham hozir olib kelindi. Braziliyalik futbolchi nafaqat jangchi va klub an'analari qo‘riqchilaridan biri, balki pozitiv yaratish bo‘yicha mutaxassis ham hisoblanadi. Ispaniyadagi nashrlar yozishicha, Xaviga sobiq jamoadoshining barcha xususiyatlari kerak  bo‘lgan va shu tufayli nafaqat Alvesning o‘zi, balki «Barselona» ham uni qaytarish uchun bor imkoniyatlarni ishga soldi - maoshlar uchun o‘rnatilgan chegara tufayli «1+1» sxemasidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun la liga bilan kurash olib bordi. Aftidan, ko‘k-anorranglilar amaldorlarni qishki transferlar darichasi ochilgach, klubning to‘lovlar vedomostini yengillashtirishlariga ishontirishdi va sobiq yulduzining shartnomasini ro‘yxatdan o‘tkazdi. 

G‘alaba hidi

FIFA kunlari uchun tanaffus yakunlanib, chempionatlarda navbatdagi turlar boshlanishi arafasida Alvesning taqdimoti o‘tkazildi. U bu marosimni ham haqiqiy shouga aylantirib, maydon gazonini hidladi va undan sovrinlar hidi kelayotganini aytdi. U klubda Andres Inestaning raqamida (8) o‘ynaydi va uning yillik maoshi miqdori la liga qoidalari imkon beradigan minimal miqdorda bo‘ladi - yiliga 155 ming yevro.