O‘zbekiston | 17:28 / 29.11.2021
3796
2 daqiqa o‘qiladi

"Ko‘zbo‘yamachilikka ko‘chat ekish" nomi bilan tarqagan video ortidan Popda uch nafar mutasaddi ishdan olindi

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘chat ekish jarayonida ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilayotgani haqida video tarqaldi. Holat Namangan viloyati Pop tumanida sodir bo‘lgani aniqlangan.

Pop tuman hokimligi bildirgan munosabatga ko‘ra, tumanda mahallalar kesimida olib borilayotgan ko‘chat ekish ishlarida Bog‘ko‘cha mahallasi mutasaddilarining ishga panja ortidan qarab, sovuqqonlik bilan olib borgan ishlari hozirda ko‘plab fuqarolar, ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari tomonidan tanqid ostiga olingan va muhokamalarga sabab bo‘lgan.

 Aniqlanishicha, 26 noyabr kuni Bog‘ko‘cha mahallasi raisi boshchiligida Meros ko‘chasida ko‘chat ekish ishlari olib borilgan va aynan mahalla raisining ko‘rsatmasi bilan ko‘chat ekish jarayoniga soxtalik bilan yondashilgan. 

Hozirda barcha uchun yoqimsiz ko‘rinishdagi ushbu holat yuzasidan Bog‘ko‘cha mahalla raisi Qahramon Ochildiyev , mahalla raisining Obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hamda ushbu hududga bog‘langan mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mas'ul xodimi Mansurjon Akbarovga tegishli chora ko‘rilgan va egallab turgan lavozimlaridan ozod qilingan. 

Shuningdek, mahallada olib borilgan ko‘chat ekish ishlarini nazoratga olmaganligi uchun — tuman hokimining o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Asqarov Erkinjon Maxmutaliyevichga nisbatan "Hayfsan" e'lon qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev tomonidan "Dolzarb 40 kunlik" ko‘chat ekish aksiyasi ilgari surilgan. Ushbu aksiya bo‘yicha respublikaning barcha hududlarida ko‘chat ekish ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid