Xalq ta'limi vazirligi rasmiy kanaliga tayangan holda qator yetakchi OAVlar, jumladan Kun.uz saytida ham ohangaronlik 11-sinf o‘quvchisi Kamoliddin Akbaraliyev Qozog‘istonning Nur-Sulton shahrida MDH davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan «Yilning eng yaxshi yosh olimi – 2021» xalqaro tanlovida ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritgani haqida xabar berilgandi.

«Yilning eng yaxshi yosh olimi – 2021» xalqaro tanlovida MDH davlatlaridan 1000 nafarga yaqin ishtirokchilar qatnashgan bo‘lib, ulardan 100 nafarga yaqin ishtirokchilarning ilmiy ishlari tanlov uchun saralab olingan. 

Ishtirokchilarning 50 nafari fan, ta'lim, siyosat, biologiya, kimyo, tilshunoslik va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib deb topilgan. Ushbu tanlovda O‘zbekistondagi maktab o‘quvchilari uchun aniq va gumanitar fanlar bo‘yicha IT asosida ta'lim berish bo‘yicha tayyorlagan ilmiy ishim bilan ishtirok etishdi. Kamoliddin Akbaraliyev xalqaro tanlovda yuqori natijani qo‘lga kiritib, ko‘krak nishoni va diplom bilan taqdirlandi», – deyilgandi xabarda.

Bu borada surishtiruv o‘tkazgan Rost24.uz sayti mazkur diplomlar aslida soxta ekani haqida yozdi. 

«O‘tgan ikki yildan beri ko‘plab talabalar «Bobek» nomli umummilliy harakat (Qozog‘iston) tomonidan berilayotgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining «Eng yaxshi yosh olimi» maqomi, ko‘krak nishoni va birinchi darajali diplomlarini ko‘z-ko‘z qilishayotganining guvohi bo‘lyapmiz. MDHning «Eng yaxshi yosh olim»lari yomg‘irdan keyin chiqqan qo‘ziqorindek ko‘paydiki, ularning qaysi biri aslida eng yaxshisi?» degan tabiiy savol tug‘iladi. Ma'lumotlarni tahlil qilsangiz, bir yo‘nalishda qatnashgan bir necha talabaning hammasi «Yilning eng yaxshi yosh olimi – 2021» diplomini olishganiga guvoh bo‘lasiz.

Bu tanlovda qatnashib, «g‘olib» bo‘lganlar bilan suhbatlashilganda, ular 50-70 AQSh dollari atrofida pul berishgani aniqlandi. Bu haqda Andijon davlat universiteti tadqiqotchisi, tarixchi Sharofiddin Hoshimjonov o‘z tajribasida bo‘lgan voqeadan misol keltirdi:

- Avval Andijon davlat universiteti axborot xizmatida ishlar edim. Iyun oyida bir talabamiz MDHda «Yilning eng yaxshi yosh olimi» deb topilgani haqida xabar qilishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qildik. Hammasi shundan keyin boshlandi. Ketma-ket shu tanlovda g‘olib bo‘lgan talabalar haqida xabarlar kela boshladi, hammasining ilinji bir, universitet rasmiy sahifalarida e'lon qilish kerak. Shundan so‘ng o‘ylanib qoldik va tekshirishga qaror qildik. Bildikki, o‘zimizning talabalarimizdan biri ularning ko‘piga o‘rtada turib ushbu «medal»ni pulga olib beryapti. U har bir nomzoddan 65 AQSh dollaridan olib, 50 AQSh dollarini to‘lov uchun, o‘ziga 15 AQSh dollarini xizmat haqi uchun olib qolgan», deyilgan