“O‘zbekiston temir yo‘llari” xabariga ko‘ra, ushbu armaturalar ta'mir vaqtida geodezistlar tomonidan ishlatiladigan yordamchi ish quroli sifatida qo‘llanilib, yo‘l o‘tkazgichning tarkibiy qismiga kirmaydi.
“Ya'ni, videotasvirda o‘rin olgan obekt qismida, piyodalar yo‘lagi chetiga o‘rnatiladigan dekorativ plitalar montaj paytida o‘z nuqtasidan siljib ketishi oldini olish maqsadida o‘rnatiladi va oraliqlari betonlangandan so‘ng kesib olib tashlanadi”, deyiladi xabarda.
Ta'kidlanishicha, piyodalar yo‘lagi ikkita yig‘ma temir-beton bloklardan, ya'ni g‘ildirak qaytaruvchi brus va dekorativ plitalardan iborat bo‘lib, ushbu elementlarning armatura chiqarmalari yordamida ko‘prik mavjud oraliq qurilmalariga hamda o‘zaro bir-biriga elektr payvandlash vositasida biriktiriladi. Shundan so‘ng, biriktirish choklariga monolit beton yotqizilib, yanada mustahkamlanadi. Monolit beton o‘z ichida qolgan armaturani chirishdan muhofazalaydi.

“Shuni ham eslatib o‘tishimiz lozim, ushbu qurilish-montaj ishlari o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqilgan loyiha hujjatlari va chizmalariga asoslanib bajariladi va unda qo‘llanilgan qurilish materiallarining sifati qat'iy ravishda tegishli nazorat idoralari tomonidan muntazam nazorat qilinadi”, deyiladi ma'lumotda.















