Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov va AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken shu yilning may oyidan buyon ilk marta o‘zaro uchrashuv o‘tkazdi. YeXHT davlatlari tashqi ishlar vazirlari kengashining Stokholmda o‘tkazilgan uchrashuvida tomonlar Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha keskin bayonotlar bilan almashishdi. G‘arb davlatlari Moskva Ukraina chegaralari atrofida qo‘shin to‘plab, hujum qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deb hisoblaydi, Rossiya hukumati esa NATO sharqqa tomon kengayishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlab, Kiyevni Donbass muammosini kuch bilan hal qilishga urinishda ayblaydi.
Lavrov bilan uchrashuvda Blinken Ukraina bilan ziddiyatni keskinlashtirsa, Rossiyani jiddiy sanksiyalar kutayotgani haqida gapirdi.
«Inqirozdan qochishning eng yaxshi vositasi - bu diplomatiya [...], jumladan Minsk kelishuvi majburiyatlarini bajarish va rossiyalik harbiylarni olib ketish [Ukraina chegaralari yaqinidan]. Qo‘shma Shtatlar bunda o‘z hissasini qo‘shishni istaydi, ammo ochiqlik bilan aytish kerakki, agar Rossiya konfrontatsiyaga (adovat) borsa, uni jiddiy oqibatlar kutadi», degan Davlat departamenti rahbari.
Ushbu uchrashuvdan keyin AQSh delegatsiyasining shaxsini ochiqlashni istamagan vakili Reuters agentligiga uchrashuv «jiddiy, hushyorlik bilan va ishchi ruhida» o‘tgani va hech qanday kutilmagan hodisalar bo‘lmagani haqida gapirdi. Manbaning qayd etishicha, Blinken Lavrovga, Vashington Rossiya va Ukraina o‘rtasida mojaro kuchayishining oldi olinishini istashini, agar Moskva baribir shu yo‘ldan boradigan bo‘lsa, uni sanksiyalar kutajagini aytgan.
Ukraina, Yevropa va AQSh razvedkasi so‘nggi haftalar davomida Rossiya yana o‘z qo‘shinlarini Ukraina chegaralari bo‘ylab joylashtirayotgani, bu esa Ukraina sharqidagi keskinlikni kuchaytirishi va hatto mamlakatning boshqa regionlariga bostirib kirilishiga olib kelishi mumkinligi haqida aytib kelmoqda.
Bostirib kiriladimi? G‘arb ekspertlari Ukraina chegarasidagi rus harbiylari haqida nimalar demoqda?
Sergey Lavrov Stokholmdagi o‘z chiqishida yana bir bor NATOni Rossiya manfaatlarini ignor qilishda, shuningdek, Ukrainani harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda aybladi.
«Harbiy qarama-qarshilikning dahshatli ssenariysi qaytmoqda [...] Ukraina harbiy jihatdan kuchaytirilmoqda [...] Alyansning harbiy infratuzilmalari mas’uliyatsizlik bilan Rossiya chegaralariga yaqinlashtirilmoqda, Ruminiya va Polshada raketa hujumidan mudofaa tizimlari joylashtirilgan, ular zarbdor komplekslarga aylanishi ham mumkin. Yevropa hududlarida amerikaliklarning o‘rta masofaga harakatlanuvchi raketalari paydo bo‘lishi mumkin», deya Lavrovdan iqtibos keltirgan TASS.

















