O‘zbekiston | 13:15 / 06.12.2021
4639
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolanadi

Foto: Oq o‘rda

Oqo‘rda qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qozog‘iston prezident matbuot xizmati xabar berishicha, faxriy qorovul oldidagi ikki davlat madhiyalari yangragach, yetakchilar tor doirada uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda Qosim-Jo‘mart To‘qayev ikki davlat munosabatlari ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilishi haqida gapirgan.

«Bugun biz ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolaymiz. Bu albatta, o‘zaro munosabatlarimizdagi yangi bosqich. Biz shu kunga qadar strategik sherikchilik darajasida hamkorlik qilib kelganmiz. Bugun imzolanadigan hujjatlar to‘plami ham davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning o‘sishiga qo‘shimcha turtki beradi.

Boz ustiga, biz o‘zaro savdo aylanmasini yaqin kunlarda 5 milliard dollargacha, keyin esa 10 milliard dollargacha ko‘tarish uchun harakat qilishga kelishdik. Bu juda yuqori daraja», - degan Qozog‘iston rahbari.

Shuningdek, To‘qayev mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlik masalalariga ham to‘xtalib, ikki davlatning ittifoqchilik darajasidagi hamkorligi mintaqadagi barqarorlik uchun juda muhimligini qayd etgan.

Shavkat Mirziyoyev 5 dekabr kuni davlat tashrifi bilan Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahriga tashrif buyurdi. Bugun tashrifning yuqori darajadagi asosiy tadbirlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston hozirga qadar faqat Rossiya Federatsiyasi bilan 2005 yil 14 noyabrda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid