O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom etdi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qozog‘iston strategik sherikligi va ko‘p qirrali hamkorligini yanada mustahkamlashning istiqbollarini atroflicha muhokama qildi. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, o‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, tranzit va logistika, energetika, suv va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi qo‘shma sa'y-harakatlarni faollashtirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratildi. Hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlarni jadallashtirish choralari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, global va mintaqa kun tartibida turgan hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston ikki xalq o‘rtasidagi samimiy birodarlik munosabatlarini yuksak qadrlashini ta'kidladi.

«Bugun tarixiy qaror qabul qilyapmiz, hamkorligimizni ittifoqchilik munosabatlari darajasiga ko‘taryapmiz. Ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va keng ko‘lamli sheriklikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi intilishimiz qat'iy. Buning uchun barcha imkoniyat va resurslarni ishga solamiz, Maqsadimiz – birodar xalqlarimizning ko‘p qirrali hamkorligini aniq mazmun bilan boyitish», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ikki mamlakat yetakchilari strategik sheriklikni yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasining Davlatlararo Oliy Kengashi, Parlamentlararo hamkorlik kengashi va Tashqi ishlar vazirlari kengashini ta'sis etishga kelishib oldi.

Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning yangi «o‘sish nuqtalari», ustuvor yo‘nalishlari va muhim vazifalari belgilab olindi.

«Uchinchi mamlakatlardan import qilinayotgan mahsulotlar o‘rnini bosish orqali zarur mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish nomenklaturasi va hajmini salmoqli darajada kengaytirish uchun katta salohiyat mavjud. Tovar ayirboshlash miqdori jadal sur'atda oshayotgani ham buning tasdig‘idir. Joriy yilda bu ko‘rsatkich rekord daraja – 4 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Ushbu ko‘rsatkichni yaqin besh yilda o‘n milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ta'kidlandi. Shu maqsadda tomonlar tegishli «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish, ulgurji-taqsimlash markazlari va qo‘shma agroklasterlarni rivojlantirishga kelishib oldilar.