Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Mehrinisoxon Abdurazzoqova 2004 yildan biznesga kirib kelgan. Dastlab ishlab chiqarish korxonasi, keyin xizmat ko‘rsatish va ulgurji savdo bilan shug‘ullangan. U suhbat avvalida biznes bilan shug‘ullanish jarayonida uni rivojlantirish uchun o‘qib-o‘rganish kerakligini tushunganini va bunga olib kelgan sabablarni so‘zlab berdi.

— Tadbirkorlik bilan shug‘ullanar ekanmiz, faoliyatimizni qaysidir ma'noda tahlil va taftish qilishga harakat qilardik. Masalan, muvaffaqiyatga erishganimizda yoki ishimiz orqaga ketganida qaysi xatti-harakatim bunga olib kelgani mohiyatiga yetib bormasdim. Bora-bora biznesni rivojlantirish uchun ham o‘qish kerak deb tushunganman.

Qahramonimiz 2016 yildan buyon biznes konsultant sifatida faoliyatini davom ettirib keladi.

Biznesda birinchi “tugma”

— Har bir ishga kirishishda unga kirish bosqichi bo‘ladi. Kishi biror kiyim kiyganda dastlabki tugmani noto‘g‘ri qadasa, keyingilari o‘z-o‘zidan to‘g‘ri bo‘lmaydi. Shu ma'noda biznesdagi birinchi “tugma” bu oddiy qilib aytganda — maqsad. Ilmiy atama bilan aytganda kompaniyaning strategiyasi ishlab chiqilishi kerak. Kompaniya nima maqsadda tashkil etilyapti, 5 yildan keyin qanday holatda bo‘ladi kabi masalalarni qo‘ya bilish kerak.

Agar biznesni kiyimdagi tugma qadashga qiyos qilinsa, demak, uning birinchi qadami — strategiyadir.

Bir vaqtlar yapon kompaniyalari 50 yillik strategik rejalar bilan ishlagan. Hozirgi tebranuvchan zamonda hatto yaponlar rejalarni 15 yilgacha qisqartirib kelishdi. Shundan kelib chiqib bizning kompaniyalarning 5 yillik rejalari ishlab chiqilgan bo‘lishi kerak. Agar bunday rejali ishlashga o‘rganmagan kompaniyalar bo‘lsa, hech bo‘lmaganda, 1 yillik strategiya asosida ishni yo‘lga qo‘yishi maqsadga muvofiq.

Harbiy strategiya qanday qilib biznes strategiyaga evrildi?

— Biznesda keng qo‘llanadigan strategiya, taktika so‘zlari harbiy sohadan kirib kelgan. Biznesda ham harbiy jarayonda bo‘lgani kabi bozorni o‘z mahsulotlari bilan egallash yoki hukmronlik qilish bo‘yicha kurashlar bo‘ladi. Hatto tarixda o‘tgan iqtidorli lashkarboshilarning strategiyalarini biznes bilan bog‘lab yozilgan kitoblar ham bor.