Bugungi kunda Surxondaryo viloyati aholisining 46 foizi markazlashgan ichimlik suv bilan ta'minlanmagan. 218ta suv inshooti va 3 ming kilometrdan ziyod tarmoqlar ta'mirga muhtoj. Viloyatning janubiy tumanlari va Termiz shahrida suv mineralizatsiyasi miqdori oshgan. Shu sabab davlat rahbarining 2 iyun kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida To‘palang suv omboridan ichimlik suv tarmog‘i tortish bo‘yicha ko‘rsatma berilib, dastlabki loyiha ham ishlab chiqilgandi.
Telegramdagi davletovuz kanalining e'tibor qaratishicha, 1,7 mln aholining ichimlik suv ta'minotini yaxshilaydigan ushbu mega loyiha bo‘yicha joriy yilning o‘zida bosh pudratchi bilan 527 mlrd 428 mln so‘mlik shartnoma imzolangan.
Bundan 317 mlrd 428 mln so‘mi Rossiyadan po‘lat quvurlar keltirishga yo‘naltiriladi. Loyihani 2023 yilda yakunlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, hukumat qarori bilan To‘palang HPD Platinum bosh pudratchi sifatida tendersiz tanlab olingan.
Ma'lumot uchun, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning 59-moddasiga ko‘ra, tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati bir shartnoma bo‘yicha BHM (bazaviy hisoblash miqdori)ning 25 ming baravari – 6 mlrd 750 mln so‘mdan ortiq miqdorni tashkil etganda, davlat xaridi tender o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshirilishi kerak.
Ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, To‘palang HPD Platinum MChJning yagona ta'sischisi To‘palang HPD Holding MChJ hisoblanadi. Mazkur holding ulushining katta qismi — 61,7 foizi Islom Abdug‘aniyevich Abdurahmonovga tegishli. U «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Abdug‘ani Abdurahmonovich Sanginovning o‘g‘li bo‘ladi.
138 mln dollarlik loyihaning texnik-iqtisodiy asoslantirilishi «Gidroproyekt» AJ tomonidan ishlab chiqilgan. «Gidroproyekt»ning 71,86 foiz ovoz beruvchi aksiyalariga «O‘zbekgidroenergo» AJ egalik qiladi.







