Yuqori o‘rinlar uchun kurashuvchi jamoalar nisbatan ko‘p bo‘lgan Italiya va Angliyada bu safar katta afishalar yo‘q. Tig‘iz dekabrni boshlab olish uchun top-klublar kuchsizroq raqiblarga qarshi maydonga tushadilar. Shunday bo‘lsa-da, u yerdan ham e'tiborga molik uchrashuvlar topa oldik. La Liga esa e'tiborimizga ajoyib klassik uchrashuvlardan tashqari, chempionlik uchrashuvi deb ta'riflasa bo‘ladigan Madrid derbisini taqdim etadi.

LIVeRPUL – ASTON VILLA (11 dekabr, 20:00)

Yil boshida «Liverpul» qatorasiga mag‘lubiyatlar uchrab, kutilgan o‘yinni namoyish eta olmayotgan paytlarda Stiven Jyerrard bosh murabbiy sifatida «Enfild»ga kelishi haqida ham fikrlar yangray boshlagandi. Klopp vaziyatni o‘nglay oldi, mavsumni kuchli to‘rtlikda tugatdi, hozir jamoa Yevropada ehtimol eng yaxshi jamoalardan biri bo‘lib turibdi. Jyerrard esa baribir «Enfild»ga kelmoqda, ammo raqib bosh murabbiyi sifatida.

Foto: Spors Finding

«Aston Villa» o‘tgan mavsumni yuqori o‘rinlarda yakunlagan bo‘lsa-da, Grilishning ketishi jamoaga salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Aslida o‘yinlarda birmingemliklar yomon ko‘rinishmadi, hatto yetakchi jamoalarga qarshi ham munosib harakat qila olishdi. Lekin natijalardagi beqarorlik «Villa»ni xavfli zonaga yaqinlashtirib qo‘ydi. Jyerrard aytish mumkinki, vaziyatni o‘ngladi – 4 o‘yin va 3 g‘alaba. Yagona mag‘lubiyat «Manchester Siti» bilan o‘yinda sodir bo‘ldi, xolos. Jamoa o‘tgan mavsum kabi yana xavfli, har qanday raqibga boshog‘rig‘i bo‘ladigan darajada kuchli.

Avvalgi mavsumda aynan «Enfild»da o‘tgan uchrashuv juda qiziq o‘tgandi. Mehmonlar hisobni ochgan ssenariyda avval Saloh hisobni tenglashtirgan, mezbonlarning g‘alaba goli esa eng so‘nggi daqiqada Trent Aleksandr-Arnold tomonidan urilgandi. Birinchi davradagi o‘yin esa yodingizdan chiqmagan bo‘lsa kerak - «Aston Villa» chempion darvozasiga 7ta gol urishning uddasidan chiqqandi. Liverpulda birmingemliklar oxirgi marta 2014 yilda 1:0 hisobida g‘alaba qozonishgan.

Tarkiblarga kelsak, «Liverpul»da uzoq muddatga safdan chiqqan futbolchilardan tashqari, Firmino va Jonsning maydonga tushishi so‘roq ostida qolgan. Shuningdek, Diogo Jota ham hafta davomida mashg‘ulotlarda qatnashmadi. Kloppning matbuot anjumanidagi so‘zlariga qaraganda, portugaliyalik hujumchi kechadan mashg‘ulotlarga qaytgan va o‘yinda sheriklariga yordam berishi mumkin. Ammo ilk daqiqalardan maydonga tushmasa kerak. Mehmonlardan esa Beyli va Traorelarning safga qaytishlariga bir oyga yaqin vaqt bor. «Liverpul» hafta o‘rtasida YeChL doirasida Milanga safar qilganini, ya'ni jismoniy tiklanishga vaqt kamroq bo‘lganini ham e'tirof etish kerak. Bu ham mehmonlarga qo‘shimcha ustunlik berishi mumkin.