O‘zbekiston | 07:33 / 17.12.2021
5110
5 daqiqa o‘qiladi

Meva-sabzavotchilik sohasi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi

Foto: Kun.uz

Prezident tomonidan “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror imzolandi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tijorat banklari orqali quyidagilarga:

fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa mahsulot yetishtiruvchilarga – meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, ko‘katlar va dorivor o‘simliklar, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish uchun kreditlar ajratiladi. Kredit muddati hosil qiymatining 50 foizigacha yillik 14 foiz (shundan 2 foizi bank marjasi) stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy;

meva-sabzavotlarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga – yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilishga talab etiladigan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun “revolver” kredit ajratiladi. Kredit muddati yillik 14 foiz (shundan 2 foizi bank marjasi) stavkada 12 oy. Bunda, ushbu kredit hisobidan klaster va kooperatsiyalarning tijorat banklaridan olingan boshqa kreditlarini so‘ndirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

2022 yil 1 martdan boshlab:

  • meva-sabzavotchilik klasterlari (kooperatsiyalar) va fermer xo‘jaliklariga – eksport shartnomasi mavjud bo‘lib, meva-sabzavot hosilini xavf-xatardan sug‘urtalash xizmatidan foydalanganda to‘langan sug‘urta mukofotining 50 foizi, biroq sug‘urta pulining 1 foizidan ortiq bo‘lmagan qismi qoplab beriladi. Sug‘urta puli xavf-xatardan sug‘urta qilinayotgan hosil qiymatining 70 foizidan kam bo‘lishi mumkin emas;
  • meva-sabzavotchilik klasterlariga (kooperatsiyalarga) – xorijdan malakali agronom, entomolog, laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq bir oyga 1 nafar mutaxassis uchun 1 ming dollar ekvivalentidan oshmagan qismi Qishloq xo‘jaligi vazirligining tuman bo‘limlari orqali kompensatsiya qilinadi.

Preferensiya va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tadbirlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, ularni xarid qiluvchi tashkilot hamda tijorat banki o‘rtasida tuzilgan shartnomalarga ega bo‘lgan, shuningdek, ularni Yagona elektron shartnomalar axborot portalida ro‘yxatdan o‘tkazgan tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan tatbiq etiladi. Shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 2022 yil 1 fevralga qadar texnik imkoniyatlar yaratiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda Jahon bankining “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida jalb etilgan 65 mln dollar miqdoridagi mablag‘lari hisobidan kichik agrologistika markazlari barpo etiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligiga sabzavot, kartoshka, gul, poliz ekinlari, ko‘katlar va dorivor o‘simliklar, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish, ularni saqlash, qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi, shuningdek, “daladan-rastagacha” tamoyili asosida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratuvchi meva-sabzavotchilik klasterlari (kooperatsiyalar) faoliyatiga ko‘maklashish vazifalari yuklatildi.

  • Agentlikning yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Qoraqalpog‘iston va viloyatlardagi bo‘limlari hamda tumanlar (Quvasoy shahar) meva-sabzavotchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislari tashkil etiladi. Ularga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
  • iqtisodiy jihatdan samarasiz va kam hosil beradigan bog‘larni (uzumzorlarni) aniqlash, ularning o‘rnida intensiv bog‘lar (uzumzorlar) barpo etish yoki ularni haydaladigan yerlar toifasiga o‘tkazish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
  • intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etishga yaroqli yer uchastkalarini tanlash va ochiq tanlovga chiqarishga amaliy jihatdan ko‘maklashish;
  • ajratilayotgan kreditlar doirasida tijorat banklari bilan birgalikda meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi loyihalarni ishlab chiqish;
  • meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, ko‘katlar va dorivor o‘simliklar, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish, ularni saqlash, saralash, qayta ishlash va eksportini tashkil etishga ko‘maklashish.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid