O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi bilan yaqin davrga mo‘ljallangan hamkorlikda uchta asosiy yo‘nalish: «yashil» taraqqiyot, raqamlashtirish va ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash masalalari kun tartibida turganini ta’kidladi.

Istiqboldagi barcha qo‘shma loyihalar, dastur va harakatlar rejalarini shu asosiy ustuvorliklardan kelib chiqqan holda ishlab chiqish taklif etildi.

Prezident O‘zbekistonning inson kapitali va tabiiy resurslari Koreya Respublikasining istiqbolli texnologiyalari va bilimlari bilan birlashsa, jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun yaxshi zamin yaratish mumkinligini alohida ta’kidladi.

Shu munosabat bilan davlat rahbari  Iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashish fondini (EDPF) jalb qilgan holda Toshkent viloyatida yarimo‘tkazgich va elektronika ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya klasterini tashkil etish taklifini bildirdi. Uning hududida fan-ta’lim muassasalari, ilg‘or texnologiyalar sohasidagi tadqiqot va ishlanmalar markazlarini joylashtirish mumkin bo‘ladi.

Tomonlar O‘zbekistonda birgalikda tashkil etilgan To‘qimachilik texnoparki va Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi markazi faoliyatini har tomonlama rag‘batlantirish va rivojlantirish davom ettirilishini qayd etishdi.

 

«O‘zbekiston Koreyaning raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, «aqlli shaharlar», autsorsing, aloqaning yangi avlodi va internet-texnologiyalar borasidagi yutuqlaridan o‘z amaliyotida foydalanishdan manfaatdor.

Mamlakatlarimiz sog‘liqni saqlash, maktabgacha va oliy ta’lim sohalarida jiddiy hamkorlik qilmoqda. Tibbiyotda amalga oshirilgan ilk yirik qo‘shma loyiha natijasida o‘tgan yildan buyon Toshkent shahrida Bolalar ko‘p tarmoqli klinikasi faoliyat yuritmoqda.

Koreya ta’lim modeli dunyodagi eng namunali tajribalardan biridir. Aynan shu bois yurtimiz maktabgacha ta’lim tizimi Koreyadagi hamkorlarning ilg‘or tajribasi va bilimlari asosida to‘liq isloh qilindi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

O‘zbekiston prezidenti universitetlar o‘rtasidagi innovatsion hamkorlikni rivojlantirish muhim ekanini ta’kidlab, ularning muntazam muloqoti uchun doimiy maydon yaratish, kelgusi yilda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumini o‘tkazishni taklif qildi.

Muzokaralar chog‘ida pandemiyadan keyingi davrda turizm sohasi iqtisodiy o‘sish lokomotivlaridan bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi. O‘zbekiston Koreya kompaniyalarining mehmonxonalar va infratuzilma obektlari qurilishi bilan bog‘liq loyihalardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga tayyor.