AQShning Kentukki shtati eng ko‘p zarar ko‘rdi, biroq tabiiy ofat Missuri, Arkanzas, Illinoys va Tennessi shtatlariga ham ta’sir ko‘rsatdi.
Tornado natijasida ko‘plab binolar vayron bo‘ldi, ulardan deyarli hech narsa qolmadi. Yuzlab odamlar halok bo‘lgan deya hisoblanmoqda, yana shuncha odam dom-daraksiz yo‘qolgan. Bu borada aniq ma’lumotlar hali ham yo‘q. Biroq Kentukkida 2 oylikdan 98 yoshgacha bo‘lgan 74 nafar odam halok bo‘lgani xabar qilindi. AQShda tornadoning yuzaga kelishi sabablari va u qanday zarar keltirdi: ana shu jihatlarga oydinlik kiritamiz.

Tornado nima?
Tornado — mezo dovullar bilan bir xil. Momaqaldiroqli bulutda hosil bo‘lib, asta-sekin pastga tushadigan atmosfera girdobi tornado deb ataladi. Ularning yuzaga kelish sabablari hali ham aniq emas. Chunki halokatli tabiiy ofatni o‘rganish juda murakkab. Biroq tornado paydo bo‘lish sabablarining taxminiy tavsifi mavjud.

Tornadolar qanday paydo bo‘ladi?
Tornado sovuq va iliq havo to‘qnashuvi natijasida yuzaga keladi, deya hisoblanadi. Maktab dasturidan ko‘pchilikka ma’lumki, iliq havoning zichligi sovuq havo zichligiga qaraganda kamroq. Shuning uchun havoning iliq oqimlari tepaga ko‘tariladi, sovuq oqim esa pastga tushadi. Ana shu hodisalar natijasida havo aylana bo‘ylab harakatlana boshlaydi. Ammo olimlar bu nima uchun sodir bo‘lishini bilishmaydi.
Tornadoning o‘ziga xosligi
Tornado diametri bir necha o‘ndan bir necha yuzgacha metrni tashkil etadi. Tornadodagi havo siklondagidek harakatlanadi: Shimoliy yarim sharda soat millariga qarshi, Janubiy yarim sharda esa – soat millari bo‘ylab. Tornadolar bir necha daqiqadan bir necha soatgacha mavjud bo‘lib, soatiga qariyb 60 kilometrgacha tezlikda harakatlanadi. Energiya tugagach, tornadoning pastki qismi uni yuzaga keltirgan bulut bilan birlashadi.




















