O‘z vaqtida «Paxtakor»da porlagan, joriy mavsum Toshkentning «Lokomotiv» klubida to‘p surgan Sadriddin Abdullayev Tribuna.uz sayti muxbiri bilan ochiq va samimiy suhbatda avval hech qachon aytmagan haqiqatlarini ro‘y-rost so‘zladi. Aytish lozimki, uning achchiq haqiqatlari uncha-muncha davrada ochiq aytilmaydigan gaplardir.

Foto: Tribuna.uz

U zo‘r futbolchi bo‘lishi mumkin edi. Albatta, hozirgi holatidan zo‘rroq. Faoliyati butkul boshqacha o‘tishi mumkin edi. O‘zining ta’biricha, uni katta futbolga tayyorlagan murabbiyining eng iqtidorli va sevimli shogirdlaridan edi. 1985-1987 yillar avlodining yorqin vakillaridan edi. Ammo uning karerasi o‘zi orzu qilganidek bo‘lmadi.

U tengi ayrim futbolchilar u erishgandan ko‘prog‘iga erishdilar. Mahalliy va Osiyo darajasidagi yulduzga aylandilar, mablag‘ borasida ham undan omadliroqlar talaygina. Biroq u barchasidan rozi. O‘zining ko‘ngli to‘lib-to‘lmagan karerasida faqat o‘zini ayblaydi. Va hammasi taqdiri azal ekaniga ishonadi.

U olimpiya jamoasi safida Olimpiadaga yo‘l ololmagan – o‘sha paytdagi beboshligi ortidan hal qiluvchi o‘yinlardan biriga jamoa bilan birga uchib ketolmagan. O‘sha noxush holatdan so‘ng ayni kuchga to‘lgan Abdullayevning karerasi pastga qarab keta boshladi. Futbolda ham, hayotda ham ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘ydi. Rejimga rioya qilmas, yaxshi pul topardi-yu, ammo ko‘chaga sochar, tungi betartib hayot uni asta-sekin izdan chiqarar, maydonda topganini havoga sovurar edi. Sportchiga xos bo‘lmagan hayoti tufayli jarohatlari ham ko‘payib ketdi. Va aynan mana shu sabablar tufayli juda ko‘p narsadan mahrum bo‘ldi.

Foto: Tribuna.uz

Suhbat davomida u O‘zbekiston chempionatini, O‘FA va PFLni qattiq tanqid qildi. Ayni paytda futbolimizga mas’ul bo‘lganlarga uning e’tirozlari anchayin yig‘ilib qolgan. Kelishilgan o‘yinlar, totalizatorlar, bajarilmayotgan va’dalar haqida kuyinib gapirdi. Jamoasi O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan mavsum chempionlik uchun kurashgan raqib jamoa tomonidan futbolchilarga katta pullar taklif qilishgani haqida so‘zlab berdi. Nega jahon chempionatiga yo‘l ololmayotganimiz haqidagi savolga ham u ro‘y-rost o‘z fikrini aytdi. Aytish lozimki, uning achchiq haqiqatlari uncha-muncha davrada ochiq aytilmaydigan gaplardir. Ayniqsa, nima uchun maydonga chiqmayotgani sababini eshitsangiz, hayron qolasiz.