Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi vazirlik va idoralarning ochiqlik sohasidagi majburiyatlarga to‘liq rioya etilishi hamda amaldagi qonunchilik hujjatlarining ijro holati yuzasidan o‘rganishlarni taqdim qildi. Ma’lum qilinishicha, mahalliy hokimliklar ochiqlikka doir prezident farmonida ko‘rsatilgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni rasmiy veb-sayt va boshqa axborot resurslarida joylashtirib borish bo‘yicha jiddiy nuqsonlar mavjud.

«Joriy yilning 3-choragi yakunlari bo‘yicha o‘rganishlarimizda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari mazkur majburiyatlarini umuman bajarmaganligi aniqlangan.
Shuningdek, farmon talablariga muvofiq 2021 yil 1 dekabrdan boshlab, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari mahalliy telekanallar, shuningdek, internet tarmog‘ida jonli efirga uzatilishi kerakligi keltirilgan. Bu bo‘yicha ham ijobiy o‘zgarishlarni kuzatishimiz mumkin. Hozirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlislari doimiy ravishda respublika telekanallari va ijtimoiy tarmoqlar orqali jonli translatsiya qilina boshlandi.
Shuningdek, 16 dekabrdan boshlab xalq deputatlari viloyat kengashlari sessiyalari ijtimoiy tarmoqlar va mahalliy telekanallar orqali efirga uzatilmoqda. Unda viloyat hokimlarining yil yakunlari va kelgusi yilga mo‘ljallangan rejalari yuzasidan axboroti tinglanmoqda. Toshkent viloyati va Toshkent shahridan tashqari barcha xalq deputatlari viloyat kengashlari sessiyalari agentlik tomonidan monitoring qilib borildi. Ikkita hududda Kengash sessiyasi 22 va 24 dekabr kunlari belgilangan.
Shunga qaramay, ayrim hududlarda farmon talablarini bajarishda ayrim kamchiliklar kuzatilmoqda. Misol uchun, kuni kecha xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining 2021 yil 20 dekabrda o‘tkazilgan navbatdan tashqari sessiyasi mahalliy telekanal yoki internet tarmog‘ida jonli efirga uzatilishi ta’minlanmadi», deya Akmal Burhonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Shuningdek, prezident farmoni talablarining tuman darajasidagi ijrosi ham qoniqarli emas.
«Misol uchun, jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgan Xalq deputatlari Sergeli tumani Kengash raisi, tuman hokimiga 35 mln. so‘m miqdoridagi ustama haqi to‘lash haqidagi 2021 yil 1 dekabrdagi qarori, shu kundagi sessiya nega jonli efirda translatsiya qilinmagani qiziq. Yoki, mahalliy budjetning 3-chorak daromadlar rejasini orttirib bajarilgan qismini ochiq e’lon qilish, umuman farmonning boshqa talablari ijrosi holati qoniqarli deb bo‘lmaydi.
















