“Energetikadagi muammo – tizimning boşqaruvida” | Hafta dayjesti
|21:49 / 01.08.202611 80216 min
Energetika vaziri işdan olindi: elektr ta’minoti tizimi “noldan isloh qilinişi” aytilyapti. Özbekiston va Qirğiziston endi ittifoqçilar: 5 kunlik muddat 15 kunga uzayadi, ötkaziş punktlari 15 tadan 30 taga yetadi. Hamma hujjating joyida, lekin baribir xörlanasan: Rossiyada özbek muhojirlar yana tahqirlandi. Ortda qolayotgan haftaning Özbekiston hayotiga oid eng dolzarb mavzulari – Kun.uz dayjyestida.
Prezident energetika tizimi haqida: “Odamlar mutlaqo norozi”
Energetika vaziri lavozimida 4 yil işlagan Jörabek Mirzamahmudov işdan olindi. Özidan avvalgi hamkasblari kabi, u ham sohadagi asosiy muammolarni uzil-kesil hal qilolgani yöq. Elektr energiyasidagi uzilişlar, metan gaz tanqisligi, suyultirilgan gaz ta’minotining beqarorligi, kömirning sifatsizligi, benzin narxining töxtovsiz oşişi kabi muammolar hali-hamon oyoğimizga tuşov bölib turibdi.
Mirzamahmudov gaz qazib olişdagi muttasil pasayişni töxtata olmadi, oqibatda mamlakatimiz tabiiy gazning sof importyoriga aylandi va ilk marta Rossiyadan gaz sotib ola boşladik. Neft mahsulotlari böyiça ham Rossiyaga boğliqligimiz yildan yilga oşib boryapti. Rossiya bilan hamkorlikda AES qurilişi boşlanişi ham, muqaddam “Özatom” agentligini boşqargan Mirzamahmudovning vazirlik davriga töğri keldi.
Arxiv foto
U ötgan 4 yil mobaynida erişgan asosiy yutuq – elektr energiyasi işlab çiqarişdagi jiddiy ösiş böldi. Ayniqsa, quyoş va şamol generatsiyasi böyiça köplab yirik loyihalar işga tuşirilişi natijasida, Özbekiston elektr energiyasi böyiça öz ehtiyojini ortiği bilan qoplay oladigan darajaga çiqdi. Bu juda yaxşi albatta, lekin oddiy iste’molçi uçun eng muhimi – ta’minotning barqarorligi. Svet öçgan payti buning sababi tizimdagi energiya tanqisligimi yoki tarmoqlar qizib ketişi – iste’molçiga farqi yöq. U har yili oşayotgan tariflarda pulini oldindan tölab qöygan, uyoği – ta’minotçining vazifasi.
Mavzuga oid
Davlat rahbarining sözlariga köra, iyun-iyul oylarida energotizimda 4 mingga yaqin avariya sodir bölib, aholi va tadbirkorlar 8-10 soatgaça elektrsiz qolgan. “Har yili yoz va qişda önlab podstansiyalarda avariya bölib, yuzlab transformatorlar yonib ketyapti”, dedi Şavkat Mirziyoyev. Prezident energetika sohasi rahbarlarining işidan odamlar “mutlaqo norozi” ekanini ta’kidladi:
“Oçiq aytiş kerak: energetikada muammo mablağda emas – qança kerak bölsa, topib beryamiz. Muammo – tizimning boşqaruvida. Energetika vazirligi, uning quyi böğinidagi rahbarlarda ijro va mas’uliyati mutlaqo yetişmaydi emas, yöq desak töğri böladi. Şuning uçun odamlar ham, tadbirkorlar ham energetika tizimiga mas’ul rahbarlarning hozirgi işidan mutlaqo norozi”.
Energetika vaziri lavozimini Energetika bozorini rivojlantiriş va tartibga soliş agentligini boşqarib kelgan Şerzod Xöjayev egalladi. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va Energoinspeksiyaga ham yangi rahbarlar tayinlandi. Şavkat Mirziyoyev ularning oldiga yangiça iş uslubini joriy qiliş vazifasini qöydi:
“Tizimdagi jiddiy kamçiliklar uçun energetika vaziri va “Hududiy elektr tarmoqlari” rahbarlarini işdan oldim. “Milliy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Öztransgaz” va “Hududgaz” rahbarlariga yil yakunigaça sinov muddati belgilanadi – natija bölmasa, ular ham işdan ketadi. Yangi vazir Şerzod Xöjayev, “Hududiy elektr tarmoqlari” yangi rahbari Sardor Isaqulov, Energoinspeksiya [yangi] boşliği [Ahadxon] Isoqjonov bugundan yangiça iş uslubini joriy qilişi zarur.
Hokimlar ham bu energetiklarning işi deb xotirjam ötirişga haqqi yöq. Sörov hammadan qattiq böladi”.
Yangi vazir yiğilişdan keyingi intervyusida “aholining kayfiyati yaxşi bölişi uçun” svet öçişlariga barham beriş böyiça topşiriq olganini aytdi:
“Asosiy topşiriq – iqtisodiyot rivojlanişi uçun, aholining kayfiyati yaxşi bölişi uçun uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlaş. Kerakli hamma hisob-kitoblarni qilişimiz kerak. Mana şu hisob-kitoblar asosida 3 oy muddatda tizimni takomillaştiriş böyiça qaror loyihasini kiritişimiz kerak. Bunda tizimga bozor tamoyillarini joriy etişni jadallaştirişimiz kerak. Sohada mahsulotlarni yetkazib berişda, suyultirilgan gazdan boşlab raqobat mexanizmlarini joriy qiliş topşiriği berildi”.
“Hududiy elektr tarmoqlari” yangi rahbari Sardor Isaqulov esa elektr ta’minotidagi vaziyatni “ayançli” deb ta’riflab, tizim “noldan isloh qilinişi”ni aytdi:
“Elektr energiyasini iste’molçilarga yetkazib olib borişda uzilişlar va sifat körsatkiçlari judayam ayançli ahvolda. Bugun muhtaram prezidentimiz aytib ötdilar, noldan isloh qilamiz. Xonadonga kirib borgunça bölgan infratuzilmani joyida, manzilli dastur asosida işlab, sifat körsatkiçini yanada yaxşilaş böyiça bir qator topşiriqlar berdilar. [...] Sentyabr oyiga qadar kuz-qişga tayyorgarlik mavsumi... Qiş kirişidan oldin hali 4 oy vaqtimiz bor. 4 oy vaqt içida bir qança işlar amalga oşirişimiz mumkin. Şuning uçun har bir rahbar közini oçişi, elektr ta’minotidagi uzilişlarga barham berilişi, kelgusida bunday uzilişlar bölmasligi uçun omillari bilan kuraşiş böyiça aniq topşiriq berdilar”.
Talon-torojliklar böyiça sudlar – yopiq eşiklar ortida
Energetika böyiça selektordan 4 kun ötib, Boş prokuratura huzuridagi Departament gaz hisoblagiçlari bilan boğliq jinoyat işi oçilgani haqida xabar berdi. Ma’lum qilinişiça, “Hududgazta’minot” AJ va “Texnopark” MÇJning mas’ul şaxslari hamda boşqalar özaro til biriktirib, elektron gaz hisoblagiçlariga texnik xizmat körsatiş bahonasida 19 mlrd söm byudjyet pullarini talon-toroj qilib yuborgan. Bundan taşqari, 273 dona gaz hisoblagiç davlatning zarariga, ya’ni iste’molni real körsatkiçdan kam hisoblagani aniqlangan. Qayd etiş lozim, duşanba kungi yiğilişda davlat rahbari aholi xonadonlariga örnatilgan 300 mingta gaz va 234 mingta elektr hisoblagiç tarmoqqa ma’lumot uzatmayotganini tanqid qilgandi.
Sönggi kunlarda katta-katta talon-torojliklar bilan boğliq boşqa bir neçta jinoyatlar böyiça sud jarayonlari boşlandi, davom ettirildi yoki yakuniga yetdi. Ularning deyarli hammasini birlaştirib turadigan xususiyat bu – yopiqlik. Xususan, bir-biridan alohida uçta sud protsessi: Davlat aktivlarini boşqariş agentligi sobiq direktori Akmalxon Ortiqov, içki işlar vazirining sobiq örinbosari Bekmurod Abdullayev va Koreyaga işga yuborişdagi korrupsion sxemaga oid jinoyat işlari böyiça sud jarayonlarini sudyalar yopiq deb e’lon qildi. Toşkent şahar sudlarining izohlaşiça, bu uçta jinoyat işida “qonun bilan muhofaza etiladigan va şaxsiy hayotga oid ma’lumotlar mavjudligidan kelib çiqib”, şunday qarorga kelingan.
Uşbu fonda, “Özbekneftgaz” sobiq raisi Bahodir Siddiqov ustidan ketayotgan sud ança-munça çeklovlar bilan bölsa-da oçiq qolgani e’tiborli. Sudya advokatlarning iltimosiga binoan jurnalistlarning sud jarayonidan video yoki audio yozib olişini, hatto rasmga olişini ham taqiqlab qöydi, şu bilan birga, jurnalistlar sud majlislarini kelib kuzataverişlari mumkinligini ma’lum qildi.
“Özbekneftgaz” va Davaktiv sobiq rahbarlariga nisbatan ayblovlar haqida ötgan hafta töxtalib ötgan edik. Içki işlar vaziri sobiq örinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti sobiq boşliği Bekmurod Abdullayev işiga kelsak, u ham uyuşgan guruh tarkibida juda köp miqdordagi talon-torojliklarda ayblanyapti. U bilan birga sudlanayotgan Jazoni ijro etiş departamenti sobiq boşliği Rustam Tursunovga ham şu ayblov qöyilgan. Iş doirasida sudlanuvçilar soni jami 30 nafar. Yanvar oyidagi rasmiy xabarlarni eslasak, bu iş figurantlari davlat xaridlari bilan boğliq kamida 186 mlrd sömlik talon-torojlikda ayblanyapti. General Abdullayev avvaliga hibsga olingan, keyinroq 200 mlrd sömdan ortiq zararni naqd pul şaklida tölab berganidan söng, garov evaziga qöyib yuborilgan edi.
Koreyaga işga yuborişdagi yirik korrupsiya keysi böyiça ham ayrim tafsilotlar bor. Bu işda sudlanuvçilar soni 4 nafar va ularning hammasi DXXning sobiq xodimlari ekani aytilyapti. Ularga pora oliş, pul yuviş va harbiy xizmatçi böla turib hokimiyat vakolatini suiiste’mol qiliş moddalari bilan ayblov e’lon qilingan. Rasmiy tasdiq bölmasa-da, qator OAVda mazkur iş Janubiy Koreyaga işlaş uçun taşkiliy tarzda yuborişdagi 90 mln dollarlik korrupsiya işi bilan boğlab körsatilmoqda.
Hafta davomida ma’lum bölgan boşqa korrupsiyaviy işlardagi asosiy figurantlar – soliqçilar. Xususan, Toşkent şahrining Mirzo Uluğbek va Şayxontohur tumanlari soliq inspeksiyalarining sobiq boşliqlari ustidan oçilgan jinoyat işlari böyiça sud jarayonlari boşlangan. Ular bilan bir paytda işdan olingan Soliq qömitasi raisining sobiq birinçi örinbosari Mubin Mirzayev ustidan sud jarayoni esa yakuniga yetgani oydinlaşdi. Sud uni firibgarlik va boşqa jinoyatlarda ayblab, 8 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum qildi. Mubin Mirzayev bilan birga sudlangan 8 kişi esa 5 yildan 9 yilgaça bölgan muddatlarga hukm qilindi.
Özbekiston va Qirğiziston – ittifoqçilar
Özbekiston qardoş respublikalar bilan eng yaqin döst va birodar ekanini rasmiylaştirib, hujjatlaştirib qöyişda davom etyapti. Oxirgi tört yilda Qozoğiston, Tojikiston va Ozarboyjon bilan özaro munosabatlar ittifoqçilik darajasiga kötarilgan edi. Mana endi, Qirğiziston ham rasman ittifoqçimizga aylandi. Bu haqdagi şartnoma Özbekiston prezidentining Qirğizistonga davlat taşrifi doirasida, Çölponota şahrida imzolandi.
“Bizning yagona ezgu maqsadimiz – ikki qardoş xalqni yanada yaqinlaştiriş”, dedi Şavkat Mirziyoyev. Qurilişi davom etayotgan Xitoy–Qirğiziston–Özbekiston temiryöli ham şu maqsadga xizmat qiladi. Özbekiston yetakçisi bu loyihani “geosiyosatni butkul özgartiradigan asr qurilişi” deb atadi. Prezidentlar özaro muloqotni eng yuqori darajaga olib çiqiş uçun davlatlararo kengaş tuzişga kelişib olişdi. Sadir Japarov özbekistonlik hamkasbini I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirladi.
Ikki örtada öndan ortiq boşqa kelişuvlar ham imzolandi. Davlat çegarasining uçastkalari töğrisidagi, şuningdek, “Çaşma” buloğidan birgalikda foydalaniş, mudofaa vazirliklari örtasidagi hamkorlik, oliy ta’limdagi kreditlarni özaro tan oliş va pensiya ta’minotiga oid bitimlar şular jumlasidan. Yana bir bitimga asosan, özbekistonliklar Qirğizistonga borganda yoki aksinça, qirğizlar Özbekistonga kelganda, 5 kun emas, 15 kungaça röyxatdan ötmay yaşaşi mumkin böladi. Ikki davlat örtasidagi çegara ötkaziş punktlari sonini 15 tadan 30 taga yetkazişga ham kelişib olindi. Qambarota-1 GES loyihasi böyiça ham imkon qadar tezroq şartnoma imzolaş zarurligi ta’kidlandi.
Issiqköl böyidagi davlat taşrifi tadbirlari Markaziy Osiyo va Ozarboyjon rahbarlarining har yillik maslahat uçraşuvi bilan davom etdi. Sammitning norasmiy qismida mehmonlar Qirğizistondagi birinçi xalqaro toifadagi golf klubi, beş yulduzli “Boku” mehmonxonasi va Issiqkölda suv-motor sporti böyiça Qirğiziston Gran-prisini oçib berib, qirğizlarga turizm rivoji yölidagi loyihalarida omad tiladi. Şavkat Mirziyoyev sammitning rasmiy qismidagi nutqida davlatlararo hamkorlik çuqurlaşgani sari, umummintaqaviy öziga xoslik va xalqlar örtasidagi hamjihatlik ham mustahkamlanayotganini aytarkan, endi mintaqaviy hamkorlikning barqaror arxitekturasini şakllantiriş böyiça amaliy harakatlarga ötişga çaqirdi.
“Odamlar dod deganiça bor”
Toşkentda faollar va ommaviy axborot vositalari yana bitta bolalar maydonçasini biznes markazga aylanib ketişidan asrab qoldi. Bu gal aholi vakillariga şaxsan Administratsiya rahbari Saida Mirziyoyeva yordamga keldi.
Gap Mirobod tumanidagi Lolazor mahallasidagi holat haqida ketyapti. Bu yerda mahalla ahli ekkan daraxtlar şafqatsizlarça kesib, qöporib taşlangan. Bolalar maydonçasi atrofi esa biznes-markaz quriş uçun örab olingan. Ijtimoiy tarmoqlar va OAVdagi xabarlardan keyin ahvolni voqea joyiga kelib körgan Saida Mirziyoyeva bu haqda Telegram-kanalida şunday yozdi:
“Aholi foydalanişi uçun ajratilgan şahar hududlari ofis yoki turar joy binolarini qurişga möljallanmagan, ular öz vazifasiga köra xizmat qilişi zarur. [...] Odamlar dod deganiça bor – qurilişlar tufayli poytaxtdagi umumiy hovlilar, öyin va sport maydonçalari tag-tugi bilan yöq qilib yuborilyapti”.
Administratsiya rahbariga köra, Boş prokuratura butun Toşkent şahri böyiça bunday ob’yektlarni töliq inventarizatsiyadan ötkazadi. Qonunbuzarlik aniqlansa, aybdorlar kerak bölsa qamaladi. Taşrif videosidan körinişiça, Mirziyoyeva Lolazor mahallasidagi biznes-markaz qurilişi ortida “qanaqadir kuçlar borligi, oddiy odamlar bunday qilolmasligi”ni aytib, buni jinoyat deb baholagan va bolalar maydonçasini xalqqa qaytarişni talab qilgan.
Köp ötmay holat yuzasidan jinoyat işi qözğatilib, bir kişi hibsga olindi.
Bu hafta yana nimalar röy berdi?
Rossiyada markaziy osiyolik mehnat muhojirlari yana tahqirlandi. Kun.uzʼga kelib tuşgan murojaatga köra, Moskva şahrida – özbeklar, qirğizlar va tojiklar işlaydigan quriliş maydonlaridan birida kuçişlatar organlar xodimlari kelib, işçilarni çökkalab yurişga majburlagan. “Hujjatlarimiz joyida edi, heç qanaqa sababsiz şunday buyruq berişdi, bu masxara qilişdan boşqa narsa emas-ku”, deydi Kun.uz suhbatlaşgan vatandoş. Özbekiston rasmiylariga köra, bu quriliş ob’yektida 70 ga yaqin özbekistonlik işlaydi, reyddan keyin ulardan heç biri idoraga olib ketilmagan. Mas’ullar voqeadan keyin vatandoşlar bilan suhbatlaşgan va huquqlari buzilgan taqdirda, advokat yollaş xarajatlarini qoplab berişlarini aytişgan. Işçilar esa endi ularga bosim kuçayganini aytişyapti: telefonlari tekşirilib, voqeani kim videoga olib tarqatganini aniqlaş çoralari körilmoqda.
Şveytsariyada Gulnora Karimova işi doirasida qariyb 490 mln dollarlik aktivlar musodara qilinadi. Şveytsariya Federal jinoyat sudining 27 iyul kungi hukmi bilan, 400 mln frankdan ortiq aktivlarni musodara qiliş belgilandi. Şuningdek, Lombard Odier banki pul yuvişga qarşi yetarliça çoralar körmagani uçun 3 mln frank jarimaga tortildi, bankning Karimovaga aloqador hisobvaraqlarga xizmat körsatgan sobiq xodimi esa 2 yillik şartli qamoq jazosiga hukm qilindi. Eslatib ötamiz, Şveytsariya prokuraturasi mazkur işda Gulnora Karimovani xorijiy telekommunikatsiya kompaniyalaridan pora olişda ayblagan, Karimova sudda qatnaşmagani uçun sudyalar unga qöyilgan ayblovlar yuzasidan mahkama ötkazişni rad etgandi.
Moliya vazirligining Fiskal tahlillar instituti soliq siyosatiga oid qator takliflar bilan çiqdi. Bu taşkilot yaqinda 1 foizlik soliq keşbekini bekor qiliş tarğiboti bilan közga taşlangan edi. Institutning yangi takliflaridan biri – daromad soliğini progressiv şkalaga ötkaziş. Ya’ni xuddi 2019 yilgaça bölgani kabi, odam yuqoriroq daromad olgani sari, köproq soliq tölaydigan tizimni qaytariş nazarda tutilyapti. Bundan taşqari, bank omonatlaridan olingan foiz daromadlarini soliqqa tortiş, elektr va gazdagi kabi issiqlik ta’minoti tariflariga ham ijtimoiy norma kiritiş, alkogol uçun aksiz soliğini oşiriş, yirik korxonalar uçun uglerod soliğini joriy etiş kabi takliflar ilgari surilyapti.
“Bunyodkor” futbol klubi puli yöqligi uçun Özbekiston çempionati doirasidagi safar öyiniga borolmadi. Bir paytlar Luiz Felipe Skolarini jahonning eng köp maoş oluvçi murabbiyiga aylantirgani aytiladigan klub, moliyaviy muammolar sabab Superliganing 15-turida “Qizilqum”ga qarşi öynaş uçun Navoiy viloyatiga borolmadi va texnik mağlubiyat yozildi. Holat takrorlansa, jamoa Superligadan çetlatilişi mumkin. 1 avgust kuni klub öziga davlat tomonidan 5 mlrd söm ajratilgani va endi keyingi öyinlar uçun tayyorgarlikni davom ettirişi haqida xabar berdi. Eslatib ötamiz, avvalroq Rivaldo oldidagi qarzdorlik sabab “Bunyodkor”ga FIFA tomonidan transfer taqiqi qöyilgan edi.