Universitetda ilmiy darajaga ega pedagog xodimlar soni 171 nafar bo‘lib, shundan 34 nafari fan doktori, professor, 137 nafari fan nomzodi va falsafa doktorlaridir. Ilmiy salohiyat ko‘rsatkichi 21,6 foizni tashkil etadi. Ilmiy darajaga ega xodimlarning o‘rtacha yoshi 2020 yilda 57 yosh bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda 54 yoshni tashkil qildi.
Joriy yilda ilmiy salohiyatni oshirish borasida dissertatsiya himoyalariga katta e’tibor qaratildi. Universitetdagi himoyalar 2018 yilda 5 ta, 2019 yilda 11 ta, 2020 yilda 26 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yilda 54 tani tashkil qildi. Ya’ni o‘tgan yilga nisbatan 2 barobar oshdi. Ilmiy ishlar himoyasida universitetda faoliyat olib borayotgan ilmiy darajalar beruvchi 4 ta ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatyapti. 54 nafar dissertantlardan 25 nafari, ya’ni 46 foizi universitet huzuridagi ilmiy kengashlarda ilmiy ishini himoya qilishdi.


Bundan tashqari, joriy yilda tadqiqotchilarga yengillik yaratish maqsadida chet tili, pedagogika, tarix fanlaridan malakaviy imtihonlarni o‘tkazish hamda ilmiy unvonlar uchun maxsus imtihonlar olish yo‘lga qo‘yildi. Shu yilning o‘zida 200 dan ortiq izlanuvchilar malakaviy va maxsus imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirdilar.
2021 yilda 19 nafar professor-o‘qituvchilar ilmiy unvon olgan bo‘lib, ulardan uch nafari professorlik unvoniga ega bo‘ldi.


Ilmiy salohiyatni oshirish maqsadida oliy ta’limdan keyingi ta’limga talabgorlarni qabul qilish kvotalari ham oshirib borildi. O‘tgan yili 20 nafar tayanch doktorant, 1 nafar doktorant, 7 nafar stajyor-tadqiqotchi qabul qilingan bo‘lsa, joriy yilda 34 ta tayanch doktoranturaga, 2 ta doktoranturaga, 22 ta stajyor-tadqiqotchilikka, shuningdek, birinchi marta 14 ta maqsadli tayanch doktoranturaga, 1 ta maqsadli doktoranturaga kvotalar olindi.
O‘tgan yilgi oliy ta’limdan keyingi ta’limni bitiruvchilarning 28 foizi dissertatsiya ishlarini o‘z vaqtida himoya qilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkich 62 foizni tashkil qildi.


















