29 dekabr kuni Toshkentdagi «Hilton» mehmonxonasida «Uzbekistan Sport Awards-2021» milliy mukofoti g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Kechada 25ta nominatsiyada g‘oliblar e’lon qilindi. E’tiborlisi, eng asosiy sovrin – «Yilning eng yaxshi sportchisi» ikki yo‘nalishda tanlandi. Muxlislar o‘rtasidagi so‘rov natijalariga ko‘ra Olimpiya o‘yinlari chempioni Bahodir Jalolov, Respublika komissiyasi xulosasiga ko‘ra og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari va jahon chempioni Akbar Jo‘rayev eng yaxshi deb topildi. Har ikki sportchi ham 10 ming AQSh dollari mukofot puli bilan taqdirlandi.

«Yil kashfiyoti» sovrini – taekvondo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari chempioni Ulug‘bek Rashitovga nasib qildi. «Yilning eng yaxshi yosh sportchisi» deb Nigina O‘ktamova (boks) va Kamronbek Qadamov (erkin kurash) e’tirof etildi.
Shuningdek, paralimpiyachilar —Elbek Sultonov («Yilning eng matonatli erkak sportchisi», para yengil atletika), Nurxon Qurbonova («Yilning eng matonatli ayol sportchisi», para yengil atletika), Sardor Abduxoliqov («Yilning eng yaxshi para sport murabbiyi», para yengil atletika), Boburjon Omonov («Yilning eng yaxshi yosh matonatli sportchisi», para yengil atletika), Asila Mirzayorova («Yilning eng yaxshi yosh matonatli sportchisi», para yengil atletika) g‘oliblar qatoridan o‘rin olishdi.

Marosimdan so‘ng «Yil sportchisi» Bahodir Jalolov Tribuna.uz jurnalistiga oldindagi rejalari haqida gapirib berdi: «Professional boksda janglarimiz bor. Shuningdek, oldimizda Osiyo o‘yinlari turibdi. Xudo xohlasa, g‘alabalar bilan xursand qilamiz.

Hozircha havaskor boksdan ketish niyatim yo‘q. Lekin asosiy e’tiborimni professional janglarga qarataman».
Yana bir chempion Akbar Jo‘rayev mukofotni qo‘lga kiritganidan mamnunligini yashirmadi: «Barchaga kattakon rahmat. Men uchun juda ham omadli yil bo‘ldi. Olimpiada va jahon chempionatlarida g‘alaba qozondim, yilning eng yaxshi sportchisiga aylandim.









