AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum Kun.uz va Uzbek.life uchun intervyu berdi. Suhbat Amerika–O‘zbekiston hamkorligi, O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi viza va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.

Amerika–O‘zbekiston hamkorligi

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelgandan keyin ko‘p narsa o‘zgardi. Xususan, iqtisodiy, hukumat va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarda ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rdim. Lekin hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bor. Prezidentning o‘zi ham islohotlar borasida hali ko‘p ishlar qilinishi kerakligini ta’kidladi.

Fursatdan foydalanib shuni aytib o‘tmoqchimanki, bu yil Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston o‘rtasida ikki tomonlama aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash arafasida turibmiz, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar hozir eng yuqori darajaga yetgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston tashqi siyosatida ham ijobiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Buni biz O‘zbekistonning qo‘shnilari bilan rivojlanib borayotgan do‘stona aloqalarida ham ko‘ryapmiz.

Yana boshqa misollar keltiraman, o‘tgan haftada biz O‘zbekistonga COVAX dasturi orqali 300 000 doza Pfizer vaksinasini olib kelishga muvaffaq bo‘ldik. Bu faqatgina Covid-19 bilan bog‘liq davrga misol, biz avvallari ham sil kasalligi, turli infeksion kasalliklar borasida hamkorlik olib borganmiz. Bularning barchasi sog‘liqni saqlash tizimidagi hamkorligimizga yaxshi misol bo‘la oladi.

Qarshi shahrida esa «Window on America» markazi ochilgan. Hozirgi kunda dunyo bo‘ylab 140 ga yaqin davlatda 600 dan ortiq shunday markazlar bor. Avvallari bunday markaz faqat Toshkentda bo‘lardi. Endi esa ana shunday “darcha”lardan birini Qarshida ham ochishga muvaffaq bo‘ldik. Mart oyida o‘zim ham uning ochilish marosimida ishtirok eta olganimdan mamnunman, bu men uchun juda ham hayajonli daqiqalar edi. 

Keyingi yillarda bu kabi markazlardan yana 6tasini ochishni rejalashtiryapmiz.

Ikki davlat o‘rtasida hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar

Avvalo, biz xavfsizlikka doir hamkorlikni kuchaytirishimiz kerak. Afg‘onistondagi holat tufayli hududdagi vaziyat o‘zgardi. Amerika ham, O‘zbekiston ham Afg‘oniston yana terrorchi guruhlar kuchayadigan joyga aylanib qolmasligiga harakat qilishi lozim.