Toshkent shahridagi 442-sonli ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanadigan, eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun Norvegiyadan yuborilgan sovg‘aning bir qismi yo‘qolgani aytilmoqda. Bu haqda Galiya Yafarova ismli internet foydalanuvchisi Facebook’da yozib qoldirgan postida ma’lum qilgan.

Hammasi nimadan boshlangandi?

Ma’lum bo‘lishicha, Yangi yil sovg‘asi sifatida Norvegiyadan yuborilgan qutida bolalar uchun mo‘ljallangan “kolgotka”lar bo‘lgan. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, 52 nafar tarbiyalanuvchi uchun yuborilgan sovg‘a ichidan 22 ta “kolgotka” solingan 1 ta paket sug‘urib olingan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

“Qanday qilib bu narsalarni posilkadan olib qo‘yishingiz mumkin? Siz yoki farzandlaringiz bundan chinakam iliqlikni his qilasizmi? Bu bolalar butun umr azob chekishga mahkum. Siz esa ular uchun mo‘ljallangan narsalarni tortib oldingiz, yangi yil syurprizi sifatida berilgan sovg‘alarni olib qo‘ydingiz.

Bilingki, bu qaytar dunyo va qilmishingiz o‘zingizga ikki baravar bo‘lib qaytadi. Qo‘limda bog‘cha hududida qutini ochganimiz tasvirlangan video va boshqa dalillar bor. Men 52 nafar tarbiyalanuvchini xursand qilish uchun pochta bo‘limidan bog‘chaga shunchalik shoshildimki... Oxirida esa umidsizlik va nafratga to‘ldim. Men siz haqingizda o‘ylaganlarimni hatto so‘z bilan ham aytolmayman!” deb yozgan Galiya Yafarova.

Ayolning yozishicha, Qushbegi dahasidagi pochta bo‘limidan jo‘natmani olayotganda qutining yon tomonlari qizil lenta bilan yopishtirilgani va g‘ijimlanganini ko‘rgan. Lekin o‘sha paytda u sovg‘alar o‘g‘irlangan bo‘lishi xayoliga ham kelmagani, chunki jo‘natmada sovg‘a nogiron bolalar uchun yuborilgani yozib qo‘yilganini aytadi.

“Jo‘natmani olgach, tezda taksiga chiqib, bog‘chaga shoshildim. Ular uxlashga yotgunlarigacha sovg‘alarni joy-joyiga qo‘yishni va ertalab uyg‘onganlarida bolajonlarni xursand qilishni xohladim. Lekin yakunda meni shunday “syurpriz” kutib turgan ekan.

Bizga jo‘natmani yuborgan qiz bilan bog‘landim. U menga qutining asl fotosuratini yubordi. Ushbu suratda quti butun va unga hech qanday qizil lenta yopishtirilmagan. Uni “hunarmandlar” qayerdadir shu holga keltirishgan. Men shunchaki hayratdaman, bog‘cha xodimlari ham. Qanday qilib bunday qilishlari mumkin?”