O‘zbekiston | 18:22 / 05.01.2022
4389
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda quyosh fotoelektr stansiyasining qurilish loyihasi bo‘yicha tender e’lon qilindi

Foto: Kun.uz

Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida qurilishi rejalashtirilgan quyosh fotoelektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha tender e’lon qilindi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Energetika vazirligi G‘uzor tumanida quvvati 300 MVtgacha bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi (QFES) qurilish loyihasi doirasida mustaqil elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilar (investorlar) uchun tender (talablarga muvofiqlik so‘rovi - RFQ) bosqichi boshlanganligini e’lon qildi.

Tanlov g‘olibi tomonidan G‘uzor tumanida 300 MVtgacha quvvatga ega QFESni loyihalashtirish, moliyalashtirish, 25 yil davomida foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatish amalga oshirilishi kutilmoqda.

Loyiha doirasida investor loyiha yer maydoni yonida joylashgan 500 kV kuchlanishli G‘uzor podstansiyasigacha elektr uzatish tarmog‘ini ham qurishi kerak bo‘ladi.

Ushbu loyiha OTB bilan yuqorida keltirilgan qo‘shma dastur doirasidagi birinchi loyihada – 457 MVt quvvatga ega Sherobod QFESni qurishda qo‘llanilgan ilg‘or xalqaro amaliyotga muvofiq amalga oshiriladi.

Loyiha xalqaro miqyosda tan olingan modelli davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida, malakali xususiy investor – ishlab chiqaruvchini jalb etish va tanlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

Tender “talablarga muvofiqlik so‘rovi” (RFQ) bosqichida ishtirok etish uchun barcha manfaatdor tomonlar So‘rov hujjatini yuklab olishlari va tenderda ishtirok etishlari mumkin.

Ma’lumot uchun, ushbu loyiha O‘zbekiston hukumati tomonidan Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ko‘magida amalga oshirilayotgan umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan QFESlarni qurish dasturi doirasidagi ikkinchi loyiha hisoblanadi.

Dastur Energetika, Moliya hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari ishtirokida Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan birga amalga oshirilmoqda.

Mazkur Dastur qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish va 2030 yilgacha O‘zbekistonda elektr energiyasiga o‘sib borayotgan talabni qondirish uchun 7 GVtgacha quyosh energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha Strategiyaning asosiy tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi.

Mavzuga oid

E`lonlar