Jahon | 15:19 / 06.01.2022
11968
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston Qozog‘istondagi fuqarolarini evakuatsiya qilishni boshladi – OAV

Foto: AP Photo / Vladimir Tretyakov

Qirg‘iziston hukumati Qozog‘istonda bo‘lib turgan va o‘z vataniga qaytish istagida bo‘lgan mamlakat fuqarolarini evakuatsiya qilishni boshladi. Bu haqda Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligiga tayanib, TASS xabar bermoqda.

«Hozirda Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish doirasida Qirg‘iziston-Qozog‘iston chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlari orqali mamlakat fuqarolarini evakuatsiya qilish ishlarini olib bormoqda. Qirg‘izistonning Qozog‘istondagi elchixonasi Nur-Sulton, Aqto‘be, Atirau, Aqtau, Qustanay, Ko‘kchatov, Petropavlovsk, Pavlodar va Qarag‘andadagi Qirg‘iziston fuqarolari bilan aloqa o‘rnatgan», — deyiladi xabarda.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda ikki davlat chegarasida joylashgan nazorat-o‘tkazish punktlari ishlamoqda, zarurat tug‘ilganda vataniga qaytishni xohlovchi Qirg‘iziston fuqarolari chegaradan bemalol o‘tishlari mumkin.

Shuningdek, Qirg‘iziston TIV Qozog‘istondagi vatandoshlarini «mamlakatda bo‘lish qonunlari va qoidalariga rioya qilishga, ig‘vogarlikka yo‘l qo‘ymaslikka, hech qanday nizolarda qatnashmaslikka, jamoat joylariga bormaslikka» chaqirgan.

Avvalroq, Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusufbek Qobiljonov O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi va Bosh konsulxonalari ushbu mamlakat hududidagi O‘zbekiston fuqarolari, shu jumladan, talabalar bilan doimiy aloqada bo‘lib turganini va zarur holatlarda mamlakat fuqarolariga huquqiy yordam ko‘rsatilishini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid