2021 yil 7 dekabr kuni Surxondaryo viloyati Denov shahridagi «Indenim» savdo majmuasida yuz bergan portlash oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi, 9 kishi jarohatlandi.
Bugun, 8 yanvar kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Davlat yong‘in nazoratini tashkil etish bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik O‘lmas Muzaffarov AOKAda brifing o‘tkazib, voqea yuzasidan tuzilgan hukumat komissiyasining xulosasini ma’lum qildi.
Yo‘qotishlar
Fojia oqibatida 2 nafar kishi qurbon bo‘lib, 9 nafari turli darajadagi tan jarohati olgan. 140 ta turar joyga, ya’ni 76 ta hovli uy, 5 ta ko‘p qavatli uydagi 64 ta xonadon, 86 ta noturar joy, umumiy hisobda 226 ta imoratga ziyon yetgan.
Talafot ko‘rgan 25 ta bino, jumladan, 13 ta turar joy va 12 ta noturar joy binolari yaroqsiz holatga kelgan.
Voqea tafsiloti
2021 yil 07 dekabr kuni soat 03:54da Denov tumani favqulodda vaziyatlar va ichki ishlar bo‘limlari navbatchilik qismlariga Denov tumani "Bog‘inav" MFY Mustaqillik ko‘chasida joylashgan "Indenim" MChJga qarashli savdo majmuasi binosida chaqnash sodir bo‘lgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabarga ko‘ra, voqea joyiga birinchi navbatda Denov shahrining, so‘ngra viloyatning tegishli barcha tezkor va avariya xizmatlarining kuch va vositalari jalb etilgan.
Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari tomonidan qidiruv-qutqaruv ishlari amalga oshirilib, chaqnash oqibatida majmuaning asosiy kirish eshigidan kirilganda, o‘ng tomondagi 4-6 kolonnalar orasida 25 kv.m maydonda savdo rastalari hamda majmua ichida bo‘lgan 2 dona "Spark" va "Cobalt" rusumli yengil avtomobillardagi yong‘in bartaraf etilgan.
Majmua haqida
Majmua 2012-2013 yillarda "Surxonmatlubotsavdo" MChJ tomonidan qurilgan. 2 qavatli, maydoni 4 ming 768 kv.m ni tashkil etadi. Binoning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalari temir-beton kolonnali, birinchi va ikkinchi qavatlararo yopmasi temir-beton plitali, to‘suvchi (sektorlarga bo‘luvchi) konstruksiyalar kolonnalari oralig‘i pishgan g‘isht bilan qurilgan, tom yopmasi metall konstruksiyalar ustidan "sendvich panel" bilan qoplangan.
Majmuaning birinchi qavatida oziq-ovqat mahsulotlari, ikkinchi qavatida kiyim-kechak mollari bilan savdo qilish rastalari joylashgan.
Portlash sababi
Hodisa natijasida eng ko‘p zarar ko‘rgan joy binoga old tomondan kirilganda chap uzoq burchakning chap tomonidagi devordan taxminan 15 metr, binoning orqa devoridan taxminan 10 metr uzoqlikda joylashgan joy bo‘lib, ushbu joydagi temir-beton konstruksiyalar markazi (episentr)dan tashqariga qarab hajmli portlashga xos deformatsiyalangan.















