Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 yanvar kuni Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Rasmiy relizda qayd etilishicha, jamoat transport tizimi poytaxtdagi o‘zgarishlardan orqada. 350 ta avtobusning foydalanish muddati 10 yildan oshgan, 393 ta avtobus yetishmaydi. Tirbandliklar oqibatida avtobuslar orasidagi interval tig‘iz paytda 30 daqiqagacha yetmoqda.

Oqibatda yo‘lovchilar bu xizmatdan norozi bo‘lib, shaxsiy transportdan foydalanishga o‘tib ketmoqda. Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich 79 foizni, jamoat transportidan foydalanish darajasi esa bor-yo‘g‘i 21 foizni tashkil etmoqda.

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili 19 oktyabrda Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvda bu borada zarur choralar ko‘rilishini aytgan edi. Taqdimotda shu boradagi vazifalar muhokama qilindi.

Aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini hozirgidan 2 barobar oshirish Transport vazirligi va Toshkent shahar hokimligi oldida turgan asosiy vazifa sifatida belgilandi.

Bunda, tizimli yondashuv va odamlar og‘irini yengil qilish maqsadi ustuvor bo‘lishi, barcha transport turlari – yo‘nalishli, temir yo‘l transporti va metro liniyalari, velosiped va piyodalar harakatiga mo‘ljallangan yo‘llarning uzviy bog‘liqligini ta’minlash va kompleks rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Hududlardan Toshkent shahriga kelishdagi asosiy yo‘llarda 10 ta zamonaviy shohbekat, yo‘lovchilar juda ko‘p bo‘ladigan 6 ta metro bekati yonida avtoturargohlar barpo etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Joriy yilda “Qo‘yliq–Qipchoq” yerusti metrosi qurilishi ham yakunlanadi. Buning natijasida yengil avtomobildan foydalanayotgan 70 ming aholi uchun jamoat transportida yurishga sharoit yaratiladi.

Yo‘lovchilar oqimining kelgusi 5 yillik prognozidan kelib chiqib, jamoat transporti tizimining iqtisodiy-matematik modelini yaratish, Transport universiteti ilmiy salohiyatini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Toshkent shahrida transportlar soni yiliga 15 foiz o‘sib, kuniga 800 ming avtomobil harakatlanmoqda. Yo‘llar piyoda va velosipedda yurish uchun qulay emas. 500 dan ortiq katta chorraha bo‘lib, aksariyatining o‘tkazuvchanlik darajasi past. Bularning hamda harakatlanish madaniyati pastligi oqibatida yo‘l-transport hodisalari ko‘p sodir bo‘lmoqda.