17:02 / 23.01.2022
26164

Okeanni qayiqda kesib o‘tmoqchi bo‘lgan fransuz sayohatchisi halok bo‘ldi

Sarguzashtlarga ishtiyoqmand 75 yoshli fransuz Jan-Jak Saven okeanni yolg‘iz kesib o‘tish bo‘yicha ikkinchi sayohati chog‘ida halok bo‘ldi - u Atlantikadan eshkakli qayiqda o‘tmoqchi bo‘lgan.

Foto: Getty Images

Juma kuni Savenning ag‘darilib ketgan qayig‘i Azor orollari yaqinida, u sayohatini boshlagan Portugaliya qirg‘oqlaridan taxminan 1,5 ming kilometr masofada topildi.

Savenning o‘limi sababi va boshqa tafsilotlar hozircha ma’lum emas.

«Afsuski, bu safar okean bizning dengizni va u bo‘ylab sayohatlarga chiqishni yoqtiradigan do‘stimizdan kuchli chiqdi», deyiladi Savenning Feysbukdagi sahifasida.

Saven Atlantika okeani osha ikkinchi safarini 1 yanvar kuni Portugaliyaning Sagresh portidan boshlagandi. Birinchi safar u uch yil muqaddam maxsus yasalgan bochkada bu ishni uddalagan.

Saven 2019 yilda Atlantikani bochkani eslatuvchi kapsula orqali kesib o‘tib shuhrat qozongandi. O‘shanda bu ishga u 122 kun sarflagan.

Payshanbaga o‘tar kechasi Saven ikki marta halokat signali yuborgan. Shundan keyin u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmagan.

Undan oldinroq, chorshanba kuni u feysbukdagi sahifasida kuchli shamollar uning sayohatini 900 kilometrga uzaytirgani va unda quyosh paneli bilan muammo yuzaga kelganini yozgan, shu bilan birga, o‘quvchilarini qo‘rqinchli holat yo‘qligi va Azor orollari poytaxti Ponta-Delgadoga yetib olishi bilanoq muammolarni bartaraf etishiga ishontirgandi.

Sobiq harbiy, keyin xususiy uchuvchi bo‘lgan Saven o‘tgan haftada o‘z qayig‘ida 75 yoshini nishonlagandi. U bu tashabbusini «keksalik ustidan kulish vositasi» deb hisoblagandi.

O‘z qayig‘ini Saven «Dovyurak» (Audacieux) deb atagandi. Juma kuni qayiqni dengizda ag‘darilgan holda topishdi / Getty Images
Top