O‘zbekiston | 17:09 / 24.01.2022
2800
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon tuman hokimi hokimlik va moliya bo‘limi binolari remonti uchun 600 mln so‘m ajratdi

Tuman hokimi tomonidan qariyb 2 milliard so‘mga yaqin pul mablag‘larini ajratishni ko‘zda tutgan farmoyish imzolandi. Unga muvofiq ajratilgan pulning katta qismi Obodonlashtirish boshqarmasi ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.

Foto: KUN.UZ

Andijon tumani hokimi Abdujabbor Egamberdiyevning 22 yanvar kungi 5-1-16-F/22-sonli farmoyishi bilan tuman budjeti zaxira jamg‘armasida bo‘lgan 1 milliard 918 million 335 ming so‘m ishlatilishi belgilangan.

Farmoyishning tegishli ilovasidagi smetaga muvofiq eng ko‘p pul Obodonlashtirish boshqarmasiga ajratilgan. 1 milliarddan oshiqroq mablag‘ – obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, tungi yoritish chiroqlarini sotib olish va boshqalarga ajratilgan.

Shuningdek, “O‘rikzor” MFYning ko‘cha chiroqlarini o‘rnatishning o‘ziga 300 mln so‘m ajratilgan.

Bundan tashqari tuman hokimligi binosining ta’miri uchun 300 million va tuman moliya bo‘limi binosining ta’miridan qolgan qarzi uchun xuddi shuncha mablag‘ yo‘naltirilgan.

Qiziq jihati ajratilgan mablag‘larning deyarli barchasi tuman hokimligi atrofidagi tashkilotlar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Ijtimoiy sohaga, ta’lim yoki tibbiyot rivojiga mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmagan.

Andijon viloyatida mablag‘lar bunday tarzda ajratilishi birinchi marta emas. Avvalroq, Asaka tuman hokimining farmoyishi bilan tuman hokimligi, moliya bo‘limi va sektorlar uchun katta mablag‘ ajratilgani, Obodonlashtirish boshqarmasiga esa 900 million so‘m berilgani haqida xabar bergan edik. Hozircha mazkur xabar ortidan na viloyat hokimligi na boshqa tashkilot rasmiy munosabat bildirmadi.

Mavzuga oid