O‘zbekiston | 14:00 / 27.01.2022
6338
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiydagi issiqxonachilar muammosini Antimonopoliya qo‘mitasi o‘rganmoqda  

Dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, “Navoiy IES” AJ va “Issiqlik ta’minoti” MChJ korxonalari tomonidan raqobat hamda tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya qilmagan holda belgilangan tariflarni yuqori qo‘llash holati aniqlangan. “Issiqlik ta’minoti” MChJ vakillari esa barchasi qonun doirasida ekanini aytishmoqda.

Foto: Kun.uz

Kun.uz Karmana tumanida hokim yordamchisiga tegishli bo‘lgan “Issiqlik ta’minoti” MChJ “Navoiy IES” va uning atrofidagi issiqxona xo‘jaliklari o‘rtasiga tushib, issiqlik energiyasiga ustama narx qo‘yib sotayotgani yuzasidan surishtiruv o‘tkazgan edi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi holat yuzasidan ish qo‘zg‘aganini ma’lum qildi.

Munosabatda ta’kidlanishicha, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi mutasaddilari tomonidan surishtiruvda ko‘tarilgan masala atroflicha o‘rganilmoqda. 

“Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, “Issiqlik ta’minoti” MChJ 2018 yilning 24 sentyabrida tashkil etilgan bo‘lib, “Navoiy IES” AJning issiqlik energiyasi tarmoqlaridan ijara asosida foydalangan holda issiqlik energiyasi bilan ta’minlash faoliyatini ulgurji iste’molchi–qayta sotuvchi sifatida faoliyatini amalga oshirib kelmoqda.

Dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, “Navoiy IES” AJ va “Issiqlik ta’minoti” MChJ korxonalari tomonidan raqobat hamda tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya qilmagan holda belgilangan tariflarni yuqori qo‘llash va boshqa holatlar aniqlanib, monopoliyaga oid qonunchilik hujjatlarini buzganlik alomatlari yuzasidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgan. Ishni ko‘rib chiqish davomida Monopoliyaga oid qonunchilik hujjatlarini buzganlik alomatlari o‘z isbotini topsa, belgilangan tartibda qonuniy chora ko‘riladi”, — deyiladi Qo‘mita munosabatida.

“Issiqlik ta’minoti” MChJ vakillari ham Kun.uz’ga holat yuzasidan munosabat bildirib, MChJ issiqxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilganligini, 2018 yilgi mavsumdan boshlab “Navoiy IES” AJ atrofidagi issiqxonalarga issiqlik energiyasi yetkazib berish bilan shug‘ullanib kelayotganligini ma’lum qildi. MChJ vakillariga ko‘ra, ularning faoliyati belgilangan huquqiy normalar asosida yo‘lga qo‘yilgan.

Korxona vakillarining aytishicha, “Issiqlik ta’minoti” MChJ o‘z-o‘zidan tashkil bo‘lib qolmagan. 2017 yil oktyabr oyida “Navoiy IES” AJ Karmana tumanidagi issiqxonalar rahbarlariga ogohlantirish berib, ishlab chiqarilayotgan issiqlik energiyasi faqat ulgurji vositachi-iste’molchiga quvur montaj qilgan holda olish yoki barcha iste’molchilar ta’sischiligida issiqlik energiyasini issiqxonalarga yetkazib beradigan vositachi yuridik shaxs (MChJ, uyushma va h.k.) tashkil etish orqali sotib olishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Shundan so‘ng, hududda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar (issiqxona egalari)ning roziligi olinib, “Issiqlik ta’minoti” MChJ o‘rtadagi vositachi bo‘lishiga kelishilgan.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.   

Mavzuga oid