2021 yil oktyabr oyidan boshlab G‘arb nashrlarida Rossiya Ukraina bilan chegarada 100 mingdan ortiq askar to‘plagani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. AQSh Rossiyani yana bir marta Ukrainaga bostirib kirishga urinishda aybladi. Voqealar rivoji tezlashib ketgach, Bayden hamda Putin bir necha marta suhbatlashib, muzokaralar stoliga o‘tirishga kelishib oldi.

Rossiya inqirozli vaziyat fonida G‘arbdan Ukraina va Gruziya hech qachon NATO a’zosiga aylanmasligi bo‘yicha huquqiy kafolat talab qila boshladi. Bu bo‘yicha uch marta seriyali muzokaralar o‘tkazildi. Avvaliga Jyenevada AQSh – Rossiya formatida, keyinchalik Bryusselda NATO – Rossiya formatida, Venada esa YeXHT vakillari ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu uchrashuvlarda ham G‘arb va xususan AQSh Rossiyaning asosiy talabi bo‘lmish Ukrainani NATOga qo‘shmaslik talabi bajarilmasligini ma’lum qildi.

AQSh hech bir davlat siyosiy taqdirini hal qilmasligini bildirgan bo‘lsa, NATO hech kimga boshqa davlat uchun alyans yo‘lini to‘sishga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidladi. Bu muzokaralar samara bermagach, vaziyat jiddiylashib boraverdi. Shunda AQSh va Rossiya asosiy diplomatlarini o‘zaro uchrashtirdi. Jyenevada AQSh davlat kotibi Entoni Blinken hamda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirokida muzokara bo‘lib o‘tdi.

Blinken va Lavrov uchrashuvida faqat bitta yangilik aytildi: AQSh Rossiyaning so‘rovi bilan ilgari surilgan talab bo‘yicha xat ko‘rinishida javob beradigan bo‘ldi. O‘sha javob 26 yanvar kuni kechqurun Rossiyaga AQSh elchisi Sallivan tomonidan yetkazildi. AQSh elchisi Rossiya TIVga borgani OAVda yozildi. U qo‘lida qalin papka bilan kirib ketgan va yarim soatdan keyin chiqib ketgan. Sallivanning TIVga borgani haqida hech qanday izoh berilmadi. Faqat TIV uning vazirlikka kelganini tasdiqladi.

Rossiyaga xat ko‘rinishida javob berilgani munosabati bilan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken matbuot anjumanida ishtirok etdi. U xatning tafsilotlarini oshkor qilmadi, lekin unda nimalar haqida so‘z borganiga to‘xtaldi. Xususan, AQShning rasmiy javobida yadro qurolini birgalikda jilovlash va harbiy mashg‘ulotlarni nazorat qilish kabi Blinken avval ham to‘xtalgan kompromisslar o‘rin olgan. Davlat kotibining aytishicha, xat Ukraina va AQSh ittifoqchilari bilan kelishilgan holda yozilgan.

«Bu rasmiy bo‘lmagan, muzokaraga oid hujjat. Xatda shunchaki ular (Rossiya) harakatlanishga jiddiy bel bog‘lasa, biz kollektiv xavfsizlik yo‘lida birlasha olishimiz keltirilgan», dedi Blinken.

AQSh davlat kotibidan Rossiyaning asosiy talabi – Ukraina NATOga qo‘shilmasligi bo‘yicha kafolat so‘roviga qanday javob berilgani so‘raldi. «Bizning tomondan qaraganda NATO eshiklari ochiq va shundayligicha qoladi. Biz bu prinsipda sodiqmiz», dedi Blinken.