O‘zbekiston | 15:06 / 28.01.2022
2087
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda tanish ayolning fotosuratlarini tarqatishini aytib, undan pul olgan shaxs ushlandi

Foto: Tergov departamenti

Samarqand shahrida tanish ayolning fotosuratlarini tarqatishini aytib, undan pul olgan shaxs ushlangan. Bu haqda IIV huzuridagi tergov departamenti xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 22 yanvar kuni Samarqand shahar IIO FMB boshlig‘i nomiga shaharning «Yoshlar» MFYda yashovchi, 27 yoshli R.M. ariza bilan murojaat qilib, tanishi A.Sh.ga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

U o‘z arizasiga ko‘ra, R.M. 2019 yil dekabrdan 2021 yil avgustgacha 21 yoshli A.Sh. bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelgan. O‘rtadagi munosabat buzilganidan so‘ng, A.Sh. uning sir bo‘lib qolishini istagan fotosuratlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, uning oila a’zolariga olib borib ko‘rsatish bilan qo‘rqitgan. So‘ng ularni oshkor qilmaslik evaziga 450 dollar pul talab qilib kelgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida A.Sh. Samarqand shahar Ro‘dakiy ko‘chasida fuqaro R.M.dan talab qilingan 450 dollardan maxsus kimyoviy ishlov berilgan 250 dollar va 500 ming so‘m olgan vaqtida ushlanib, pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan A.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, A.Sh. jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan.

Tergov jarayonida A.Sh. Rossiya Federatsiyasiga ketish uchun pul zarur bo‘lib qolganligi sababli ushbu jinoyatga qo‘l urganligini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid