Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi maktabda o‘qituvchilar ota-onalardan uzr so‘rashga majbur qilingani bo‘yicha munosabat bildirib, uzrni viloyat hokimi so‘rashi kerakligini aytdi.

«Andijonda o‘qituvchilar ota-onalar oldida bosh egib, uzr so‘rashga majburlangani uchun viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning shaxsan o‘zi barcha ustozlardan uzr so‘rashi kerak», deydi Allamjonov telegramdagi kanalida.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Laylo Rustamova ham ushbu holat yuzasidan tezkor munosabat berdi.

«Hozirgina Kun.uz nashrida Andijon viloyatidagi maktablardan birida o‘qituvchilar ota-onalar oldida bosh egib, kechirim so‘ragani aks etgan xabar e’lon qilindi. Yo‘lda bo‘lsam ham, tezkor munosabatni yozib qoldirmoqchiman.

Xalq ta’limi vazirligi bu holatni keskin qoralaydi. Ayni damda davlat siyosati darajasida o‘qituvchining obro‘si va sha’nini ko‘tarish masalasi yuqori darajada turgan vaqtda bunday holat yuz bergani mutlaqo xato.

Bu g‘oya tashabbus muallifi albatta topilib, unga tegishli chora ko‘rilishini ma’lum qilamiz. Ayni damda vaziyat Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganilmoqda», deydi u videomurojaatida.

Ko‘p o‘tmay Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov ham telegramdagi sahifasi orqali vaziyatga munosabat bildirdi va aybdorlar albatta javob berishi kerakligini ta’kidladi.

«Bugun Marhamat tumanida yuz bergan holatni nafaqat o‘qituvchilarimizning sha’nini yerga urish, balki davlatimiz siyosatiga qarshi amalga oshirilayotgan harakat deb baholayman.

O‘qituvchi qadrlanmagan yurt hech qachon taraqqiy etmaydi. Shu bois, bugun davlatimiz rahbari o‘qituvchilarni ulug‘lash va jamiyatda eng obro‘li inson qilish masalasini davlat siyosatining eng yuqori darajasiga olib chiqdilar.

Bu harakat qanday maqsadda amalga oshirilgani menga qorong‘i, lekin aybdorlar albatta javob berishi kerak. Shu o‘rinda men o‘qituvchilardan o‘z qadr-qimmatlarini yerga urishga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘rab qolaman. Sizning bu darajada boshingizni yerga qaratishga hech kimning haqqi yo‘q!