Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi tarkibini shakllantirish va uning faoliyatini tashkil etishning tartibini tasdiqlash to‘g‘risida” buyrug‘i loyihasi e’lon qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalarining xolisligini ta’minlash maqsadida tuziladi.

Ekspertlar guruhi har yili 9 kishidan iborat bo‘lgan tarkibda shakllantiriladi hamda o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida olib boradi. Bunda, Ekspertlar guruhi tarkibida kamida 3 kishi fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan bo‘lishi lozim. Ekspertlar guruhi a’zolari reyting baholash bo‘yicha faoliyatini olib borishda mustaqildir.

Ekspertlar guruhi tarkibi davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlarining taklifiga asosan agentlik tomonidan shakllantiriladi.

Quyidagilar ekspertlar guruhi tarkibiga kiritilishi mumkin emas:

  • muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgani to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud bo‘lgan shaxs;
  • qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlangani olib tashlanmagan shaxs;
  • o‘ziga nisbatan surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud muhokamasi yuritilayotgan shaxs.

Agentlik har yili 1 noyabrga qadar davlat tashkilotlari tomonidan elektron platformaga har chorakda (10 aprel, 10 iyul va 10 oktyabrga qadar) kiritilgan ma’lumotlar tahlili asosida tegishli yilda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi eng yuqori bo‘lishi kutilayotgan 10 ta davlat tashkilotiga ekspertlar guruhiga nomzodlarni taqdim etish bo‘yicha xat kiritadi.

Davlat tashkiloti agentlik tomonidan kiritilgan xatga asosan har yili 15 noyabrga qadar ekspertlar guruhi tarkibiga kiritish uchun 2 ta nomzodni, ularning roziligini olgan holda tavsiya etadi. Bunda, tavsiya etilgan bir nafar nomzod fuqarolik jamiyati instituti vakili bo‘lishi lozim.

Agentlik davlat tashkilotlari tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar orasidan qoida tariqasida quyidagi mezonlar asosida har yili 25 dekabrga qadar tegishli yil uchun ekspertlar guruhi tarkibini shakllantiradi: nomzodning ish staji; korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi amaliy tajribasi; jamiyatdagi obro‘yi.