Satira yo‘nalishida ishlangan Amerika ilmiy fantastik filmi 2021 yil dekabrida Netflix tomonidan namoyish etildi. 2,5 soatga yaqin (138 daqiqa) davom etuvchi filmga 75 mln dollar sarflangan. Film namoyish qilingan sanadan buyon xalqaro miqyosda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Film nima haqida?

Film mashhur filmmeker Adam MakKey tomonidan suratga olingan. Hollivudning taniqli aktyori va ekofaol Leonardo Di Kaprio hamda aktrisa Jyennifer Lourens bosh rollarni ijro etgan.

Foto: Netflix

Bosh qahramonlar – astronomlar, ular 6 oydan so‘ng Yerga juda yirik hajmli kometa kelib urilishini va oqibatda butun sayyorada hayot to‘xtashini aniqlashadi. Kometa shunchalik xavfli va uning mavjudligi yuqori aniqlikda ediki, astronomlar uning galaktikadagi ko‘rinishini suratga olishga ham erishadi. Biroq bu ilmiy faktga, olimlarning chaqirig‘iga AQSh prezidentidan tortib jurnalistlar, siyosatchilar va oddiy odamlargacha befarq bo‘lishadi. Oqibatda, astronomlar aytgan yo‘nalishda choralar ko‘rilmaydi va ular muttasil inkor qilinib, Yer halokatga mahkum etiladi.

Fakt aniqlangach, astronom Rindall Mindi (Leonardo Di Kaprio) va uning assistenti, aspirant Keyt Dibiaski (Jyennifer Lourens) prezident Jyeni Orlean (Meril Strip) qabuliga kirishadi va Yerga xavf solayotgan kometa haqida aytib, 6 oydan so‘ng u Tinch okeaniga qulashi mumkinligi, oqibatda butun planeta bo‘ylab 10-11 ballik zilzilalar sodir bo‘lib, insoniyat halokatga yuz tutishi mumkinligidan ogohlantirishadi. Chora sifatida esa dronlarni yadro qurollari bilan jihozlab, ular yordamida kometaning orbitadagi yo‘nalishini o‘zgartirishni taklif qilishadi. Biroq o‘z prezidentlik saylovi kampaniyasi bilan band bo‘lgan prezident olimlarni jiddiy qabul qilmaydi.

Foto: Netflix

Noiloj qolgan astronomlar televideniyeda jonli efir orqali yangilikni odamlarga e’lon qilishadi. Biroq reaksiya – ular kutgandekmas. Astronomlarning Yer xavf ostida ekani haqida aytgan yangiligidan ko‘ra o‘sha kungi jonli efirda o‘z sevgani bilan qayta topishgan mashhur qo‘shiqchi ayolning shaxsiy hayotidagi voqea odamlarni o‘ziga mahliyo qiladi va reytingi top darajaga chiqadi.

Sal keyinroq prezident astronomlarni chaqiradi va kometa yo‘nalishini o‘zgartirish operatsiyasiga start beradi. Biroq – prezident xonimning maqsadi dunyoni qutqarish emas, o‘z reytingini ko‘tarib olish edi.