16:21 / 13.02.2022
12060

«Millat kelajagiga befarq bo‘lmagan insonlar hurmatini joyiga qo‘yish hammamizning mas’uliyatimiz» - Hasan Mamasaidov ustozlar haqida

MFaktor loyihasi muallifi Hasan Mamasaidov Marhamat tumanida hokimlik vakillari tomonidan o‘qituvchilarning ota-onalar qarshisida izza qilingani bilan bog‘liq voqeaga munosabatini bildirdi.

«Kuni kecha ustozlar mavzusi ko‘plab yurtdoshlarimiz tomonidan bahslarga sabab bo‘ldi. Haqiqatan ham holat o‘zgarmaydi, munosabat o‘zgaradi. Ko‘pchilik o‘z munosabatini bildirdi.

Ustozning "qadrimga yig‘layman" degan holatlari guvohi bo‘lib qolamiz. Fidoyi inson, olgan bo‘lsa pulini mehnatiga olganu, lekin o‘n baravar ko‘p beraman, keling, ustozlik qiling deyilsa, ba’zida o‘ntamizdan to‘qqiztamiz bormaymiz - ular ishlayotgan sharoitga.

O‘zimizning ikki-uch farzandimizga ba’zida ikki soat ajratib, mehr berolmay qolamiz. Yuzlab, minglab insonlarning farzandlariga mehr bergan ustozlar... Siz-u biz eplolmagan farzandning o‘n-yigirma-o‘ttiztasini kunlab, yillab eplashga harakat qilyapti.

O‘zining asosiy vazifasidan tashqari qancha ijtimoiy masalalarga ovora bo‘lib kelgan ustozlar. Xat-hujjatlarga, hasharlarga, xudoga shukr, bugungi kunda ortda qoldi, paxtaga, metallolomga, boshqaga. Yana ko‘plab holatlarning guvohi bo‘lardik, borib betonkalarni supurgan o‘qituvchilarni, hamshiralarni eshitardik», deydi u.

U barchani o‘qituvchilarning dilini og‘ritmaslikka chaqirgan.

«Bu xatoni hammamiz qilamiz odatda. Ba’zida e’tibor bera olmaymiz ustozlarga, hurmatini joyiga qo‘ymaymiz, qadriga yetmaymiz. Farzandimizga shuncha mehr berib, bir marta tanbeh bersa, "farzandimning dilini og‘ritding-a" deb qolamiz. 

Bilib-bilmay, xato qilib, ustozlarning dilini og‘ritib qo‘yamiz. "Qadrimga yig‘layman" degan fikr o‘tadi ustozlarda.

Aziz yurtdoshlar, do‘stlar, millatning kelajagiga befarq bo‘lmagan eng mas’ul insonlarning ham hurmatini, ham izzatini, ham qadrini joyiga qo‘yish hammamizning mas’uliyatimiz», deydi u.

8 fevral kuni Kun.uz saytida Andijon viloyati Marhamat tumanida o‘qituvchilar maktablarda o‘quvchilarning o‘zlashtirishi qoniqarsiz ekani tufayli ota-onalardan uzr so‘ragani aytilgan xabar e’lon qilingach, holat keng jamoatchilik vakillari orasida muhokamaga sabab bo‘ldi. Xususan, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov «Shuhrat Abdurahmonovning shaxsan o‘zi barcha ustozlardan uzr so‘rashi kerak»ligi haqida yozdi.

Keyinroq Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ham ushbu holatga munosabat bildirib, «xatoga yo‘l qo‘ygan har qanday rahbarga qonunda belgilangan jazo choralarini ko‘rilishini ta’minlanishini»ni ta’kidladi. Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i va Marhamat tumani hokimi o‘qituvchilardan uzr so‘radi.

XTV holat yuzasidan o‘rganish natijalariga qonuniy baho berish uchun hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborilganini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid
Top