Andijon shahrida tavallud topib, o‘qishni Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumani, Katta Kenagas qishlog‘idagi 21-maktabda boshlagan, Shvetsiya va Norvegiyada tibbiyot bo‘yicha ta’lim olgan, Harvard universitetida faoliyat yuritgan, o‘z sohasida katta yutuqlarga erishgan, ko‘pchilik uchun Bek Olimjon taxallusi bilan tanish bo‘lgan Behzod Tashbayev “Osmondagi bolalar” loyihasining navbatdagi mehmoni bo‘ldi. U hozirda Norvegiya ko‘z salomatligi institutida konsultant-oftalmolog, rivojlanish bo‘yicha direktor, Oslo universiteti klinikasida katta ilmiy tadqiqotchi, Oslo universitetida Associate Professor lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda.

Ushbu suhbat davomida spiker chet el hayoti, tibbiyotdagi muammolar, ta’lim olish jarayonidagi mashaqqatlar, intizomni shakllantirish, maqsad qo‘yish va ishga kirishdagi to‘siqlarni yengib o‘tish borasida shaxsiy tajribalaridan kelib chiqib tavsiyalarni berib o‘tdi.

Faoliyat yo‘llari…

—Dadam Andijon davlat tibbiyot institutida professor bo‘lib ishlardi. Yosh bo‘lganman, “kirgizib qo‘yadi” deb kuchli tayyorgarlik ko‘rmaganman. Kontraktga o‘qishga kirdim. Dadam kontrakt pulingni to‘lab beraman, kiyim-kechagingga, yurish-turishingga, oziq-ovqatingga o‘zing ishlab topasan dedilar. Yo‘q, kontraktda o‘qimayman deganman. Yana bir yil tayyorgarlik ko‘rib, grant asosida o‘qishga qabul qilindim.

Ikkinchi va uchinchi kurslarda ingliz tilini o‘rgandim. Bir tanishim tarjimonlik qilishga yordamchilik qilishimni so‘radi. Nima bo‘lsa Xudodan deb, tavakkaliga xo‘p dedim. Ishni boshladim. Bir odam kelib gapirdi va tarjima qilishimni so‘radi. Tarjima qildim. Keyin bilsam, u inson shu loyihaning rahbari ekan. Unga tarjimonligim ma’qul bo‘ldi, ikki haftadan keyin ikki ekspert kelishi va ularga ham tarjimonlik qilishimni aytdi. Oylikni oldim va dadamga olib bordim. Dadam shunda ko‘zlari yosh bilan, “bir hafta ishlab, professordan ko‘p topibsan”, degandi.

Institutni bitirmasdan, dunyoda 30-o‘rinda turadigan institutga grantga kirganman…

— Chet elga o‘qishga ketmoqchi bo‘ldim. Oilamda pul berishga imkoniyat yo‘q, shuning uchun, o‘qitishi zo‘r bo‘lsin, tekin bo‘lsin deganman. Shunda barcha chet eldagi institutlarning ro‘yxatini tuzib chiqdim, menga eng ma’qul keladiganlarini saraladim. Shunda Shvetsiyadagi Karolinska instituti (Karolinska Institute) tekin grant taklif qildi. Topshirdim, qarabsiz-ki dunyoda 30-o‘rinda turadigan institutning magistratura bosqichiga bakalavrni tugatmasdan grant asosida qabul qilindim. O‘qishga kirishga kirdim, lekin ketishga pul yo‘q, o‘zimning hisobimdan ketishim kerak. Keyin unga-bunga, tanishga borib pul topdim va Shvetsiyaga ketdim, Stokholmga.