Avval yirik shaharlarda, keyinchalik tumanlarda va qishloqlarda shunday savdolar ko‘p kuzatildi. Maqsad oddiy va tushunarli: tashlandiq binolar ishlatish istagida bo‘lganlarga bepul beriladi, yagona sharti — ma’lum miqdorda mablag‘ kiritish va ish o‘rinlari yaratish lozim. Lekin qarovsiz yotganida hech kimga kerak bo‘lmagan binolar tadbirkor epaqaga keltirganidan keyin byurokratiya obektiga aylanib qolishi va xususiylashtirib berilmasligi holatlari ham uchramoqda.

Jizzax viloyati Zarbdor tumani Shodlik mahallasidagi eski omborxona binosi ko‘p yillar davomida egasini topmay tashlandiq holda yotdi. Nihoyat binoni kimgadir ishlatish uchun berish va obod qilish fikri tug‘iladi va ma’lum shartlar asosida «0» qiymatda sotuvga chiqariladi.

«Golden Key Material» MChJ muassisi, 25 yoshli tadbirkor Anvar Burhonov xaridor bo‘lib, bu binoni sotib oladi. Investitsion majburiyat sifatida bir yil davomida 650 mln so‘m miqdorida investitsiya kiritish, mazkur binolarning 60 foizini ishga tushirish va kamida 6 ta ish o‘rni yaratish yuklanadi.

Hammasi kelishilganidan so‘ng Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Jizzax hududiy boshqarmasi, «Golden Key Material» MChJ va obekt joylashgan Zarbdor tumani hokimligi o‘rtasida 2020 yil 22 oktyabrida 143-sonli uch tomonlama shartnoma tuziladi.

Anvar Burhonov ishga kirishadi va bir yil muddat ichida belgilangan jadvalga muvofiq zarur mablag‘ni kiritadi, qator qurilishlar qiladi va tashlandiq joy tuppa-tuzuk ishlab chiqarish obekti shakliga kiradi. Xaridor «Golden Key Material» MChJ negizida bu yerda qurilish materiallari, jumladan, suyuq gulqog‘ozlar va turli bo‘yoqlar ishlab chiqarishni rejalashtirgandi.

Suratlardan ko‘rinadiki, binolar ishlab chiqarish uchun mos holatga keltirilgan. Chunki qurilish mollari ishlab chiqarish uchun hashamdor va chiroyli inshootlarning hojati yo‘q, odatda chang bo‘ladigan va tozalikni saqlash qiyin bo‘lgan jarayonga mana shunday kirchimol binolar zarur.

Xullas, yil ham yakuniga yetadi, Anvar Burhonov o‘z zimmasidagi mas’uliyatni bajargan investor sifatida obektga to‘laqonli egalik huquqini rasmiylashtirish uchun harakat boshlaydi. Mana shu nuqtada yosh tadbirkor muammolarga duch keldi.